O‘zbekiston prezidenti 26 avgust kuni madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Muzeylar renovatsiya dasturi eksperiment tarzida amalga oshiriladi:

  • muzeylar byudjetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar byudjetining kamida 15 foizini xayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zini o‘zi ta’minlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;
  • muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan, «smart"-texnologiyalarni (axborot do‘konchalari, 3-D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;
  • aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun mo‘ljallangan, Internet tarmog‘idan foydalangan holda, muzeylarning faoliyatiga innovatsion axborot texnologiyalari keng joriy etish va muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini ko‘rish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;
  • ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish uchun muzeylarning ma’muriy tuzilmasini takomillashtirish;
  • xodimlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni eng yaxshi jahon amaliyotlariga muvofiq muzeylarning rahbar lavozimlariga ochiq tanlov asosida jalb qilish amaliyotini joriy etish;
  • mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish va tanitish maqsadida muzeylarning ijtimoiy makonga to‘liq integratsiyalashuvini ta’minlash;
  • muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;
  • muzeylarda akademik tadqiqotlarni, shu jumladan, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan grantlar ajratish orqali mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilgan holda rivojlantirish.

Renovatsiya dasturi O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida (Toshkent), I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida (Nukus) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent) amalga oshiriladi.

Ikki oy muddatda «Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida"gi O‘zbekiston qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Qonun loyihasida boshqalar qatorida quyidagilar nazarda tutiladi:

  • madaniyat va san’at muassasalariga, shu jumladan, jismoniy shaxslarga yordam ko‘rsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslar yaratish;
  • soliq imtiyozlari (chegirmalar) olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va san’at muassasalarini qo‘llab-quvvatlash shakllarini va uslublarini kengaytirish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, mol-mulk huquqini berish va hokazo);
  • madaniyat va san’at muassasalarini jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy uslublarini joriy etish;
  • metsenatlik va homiylik yordamini olayotganlarning hisob berish tizimini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni takomillashtirish.

Hujjatda madaniyat va san’at muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (CHOYAET) joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash ko‘zda tutilgan.

CHOYAETga ulangan respublika madaniyat va san’at muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish belgilandi.

CHOYAET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir choralarga eng kam talablar joriy etiladi.