O‘zbekiston davlat xizmatchilari shanba kunlari 17:00 gacha ishlab, yakshanbada esa dam oladi. Bu haqda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

2017 yilning bahorida davlat rahbari respublika darajasidagi rahbarlar uchun «favqulodda holat» e’lon qilib, kuchaytirilgan tartibda ish olib borilishini aytgan edi.

Hukumatdagi axborot manbasining xabar berishicha, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda prezident davlat organlari xodimlari yakshanba kunlari oilalari bilan vaqt o‘tkazishlari kerakligini aytgan.

«Endi ish shanba kunlari 17:00 gacha davom etadi, yakshanba kunlari esa — dam olish. Prezident biz oilamizga e’tibor berishimiz kerakligini ta’kidladi. Ayni paytda, u ish vaqtlarida davlat organlari xodimlari o‘z zimmalaridagi vazifalarni sifatli va samarali ado etishlari lozimligini aytdi», — dedi «Gazeta.uz» suhbatdoshi.

Shavkat Mirziyoyev davlat organlarida majlislar soni va davomiyligini qisqartirish, keraksiz hisobot va ma’lumotlarni yig‘ishga barham berishni topshirdi. Avvalroq bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov ham buyruq bergan edi.