O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab fuqarolarning byudjet taqsimotidagi ishtirokini ta’minlash mexanizmlarini joriy etiladi. Unga ko‘ra, shahar va tumanlar byudjetlarining eng kamida 10 foizlik qo‘shimcha manbalari jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi. Prezidentning «Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

2020 yildan davlat byudjeti va davlat maqsadli fondlari byudjetlarini «ilg‘or xalqaro standartlar asosida tayyorlangan» qonun bilan tasdiqlanadi.

Davlat byudjeti, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda byudjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yo‘naltirilgunga qadar majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.

Davlat byudjeti va uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotga parallel ravishda jamoatchilik muhokamasi uchun Moliya vazirligi tomonidan «Byudjet fuqarolar uchun» axborot nashri chop etiladi.

Bundan tashqari, Hisob palatasining davlat byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari bo‘yicha hamda davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi har yillik hisobotlarning tashqi auditi va bahosi natijalari bo‘yicha xulosalarini majburiy tartibda e’lon qilinadi.

2019 yil 1 yanvardan manzilli byudjet xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun «Ochiq byudjet» portalini ishga tushirish mo‘ljallangan. Unda davlat byudjeti, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, byudjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar va Hisob palatasi xulosalari e’lon qilinadi.

Bu yerga jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun shahar va tumanlar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirish taklif etilayotgan tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham joylanadi.

Fuqarolar portal orqali byudjet qonunchiligi buzilayotgani haqidagi xabarlarini, byudjet jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini yuborishi mumkin.

2020 yildan O‘zbekiston Xalqaro byudjet hamjamiyati Byudjet ochiqligi indeksida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Video