Andijon viloyati IIB Shahrixon tumanidagi bozorda o‘g‘rilikda gumonlangan katta yoshli ayolning olomon qo‘lidan qochib, anhorga tushib ketgani tasvirlangan videorolik bo‘yicha rasman izoh berdi.

Andijon viloyat IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 14 avgust kuni soat 11.00 larda sodir bo‘lgan. Muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan A.A. Shahrixon shahar A.Temur ko‘chasi o‘ramida joylashgan savdo bozorida savdo qiluvchi I.N sumkasidagi 192 ming so‘m, fuqaro S.G. sumkasidan 270 ming so‘m, sotuvchi S.M. xaltasidan 30 ming so‘m pulni va uyali telefonlarini yashirin ravishda olib, hodisa joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan.

Voqea joyida jabrlanuvchi I.N. va hodisani bevosita guvohi bo‘lgan G. R. uni tuman ichki ishlar xodimlariga topshirish maqsadida ushlab olishgan. Oqibatda fuqaro A.A jinoiy javobgarlikdan hamda fuqarolardan qochib yashirinish maqsadida o‘zini o‘sha yerdan oqib o‘tuvchi «Shahrixonsoy» kanaliga tashlagan.

Voqea joyiga yetib borgan tuman IIB profilaktika inspektori tomonidan suvda oqib ketayotgan fuqaro A.A qutqarib qolinadi. Tuman IIBga olib kelinganda, unga nisbatan hech qanday kaltaklanish alomatlari aniqlanmadi.

Sodir bo‘lgan mazkur holat ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, fuqaro A.Aning yonida alohida-alohida solingan 192 ming, 295 ming va 31 ming so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olinib, bayonnoma tuzilgan.

Mazkur holat yuzasidan 14 avgust kuni tuman IIB tomonidan A.A ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumon qilinuvchi A.A ga himoya huquqi ta’minlanib, tergov harakatlari davomida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan 16 avgust kuni ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Tergov davrida I.N, G. S va M.S so‘roq qilinib, jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.