O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 avgust kuni Toshkentda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperiment amalga oshirilishi yuzasidan farmonga imzo chekdi. Bosh prokuratura huzuridagi mediamarkazning «O‘zbekiston 24» telekanali orqali efirga uzatilgan materialida aytilishicha, hujjat investorlar bilan ishlashning yangi tizimiga start beradi.

Bir yil ichida (2019 yilning 15 avgustiga qadar) ko‘plab masalalar bo‘yicha shahar hokimiyati qaror qabul qiladi.

Farmonga ko‘ra, Toshkentda investitsion muhitni yaxshilash eksperimentini muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzildi va unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi. Har shanba kuni «Investor kuni"ni haftalik tartibda o‘tkazish belgilandi.

Toshkent shahar hokimligi tegishli hududlarda mavjud imkoniyat va sharoitlarni aks ettirishni nazarda tutadigan Toshkent shahri va tumanlarning investitsiya pasportlarini tayyorlashi zarur. Bundan tashqari Toshkent shahrida hududlar kesimida investitsiya muhitini rivojlantirish konsepsiyasi yaratiladi. Shuningdek hujjatda investorlarni kutib olish, olib yurish va xizmat ko‘rsatish tartibi ham ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha investitsiya kelishuvi asosida Toshkent shahar hokimining qarori bilan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan, foydalanilmayotgan ob’ektlarni ularning maydoni hajmidan qat’i nazar berish nazarda tutiladi.

Toshkent shahar hokimining qarori bilan kichik sanoat zonalari direksiyasi funksiyalarini ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida xususiy boshqaruvchi tashkilotlarga berish ham yangiliklardan biridir.

Toshkent shahar hokimining qaroriga ko‘ra yer uchastkalari berish investorga yer uchastkasini bir yilgacha muddatga (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib uzaytirish imkoniyati bilan) dastlabki zaxiralash sharti bilan amalga oshiriladi. Shartnomada ko‘rsatilgan shartlar investor tomonidan bajarilganidan so‘ng yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi rasmiylashtiriladi. Investor tomonidan zimmasiga olingan majburiyatlar investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar va muddatlarga muvofiq bajarilmaganda yer uchastkasini zaxiralash investorga kompensatsiya bermasdan va zararlar qoplanmasdan bekor qilinadi;

«Bu tarzdagi ish mexanizmi loyihadan maksimum samaradorlik erishishi mumkin bo‘lgan hamkorlarni tezlik bilan topish imkonini beradi», — deyiladi mediamarkaz lavhasida.

Toshkent shahar hokimiga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida va tartibda 10 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish huquqi berildi. Bularning barchasi soliq va bojxona imtiyozlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshiriladi.

Eksperiment doirasida Toshkent shahar hokimi davlat-xususiy sheriklik shartlarida avtomobil yo‘llari bo‘ylab pullik avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, xususiy investorlarni jalb qilgan holda ko‘p qavatli avtomobil saqlash joylarini qurish dasturlarini tasdiqlash huquqiga ega bo‘ladi.

2018 yil 1 oktyabrdan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan qat’iy belgilangan soliq to‘lash tartibi bekor qilinadi, ular O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda yagona soliq to‘lovi yoki boshqa umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tkaziladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK «SAR» aviakompaniyasining Toshkent shahar, Sergeli tumanida joylashgan binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini ularga tutash 101,64 gektar maydonda «Industrial park» kichik sanoat zonasini tashkil etish sharti bilan Toshkent shahar hokimligiga beg‘araz beriladigan bo‘ldi.

Toshkent shahar hokimi zimmasiga investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari tomonidan shaharsozlik reglamentlari va qurilish-montaj ishlarining sifati bo‘yicha talablarga rioya etilishi, yuklatilgan vazifa va funksiyalarni so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini hal qilish, xolislik va ochiqlik prinsiplariga rioya etish, shuningdek, Toshkent shahri aholisi manfaatlarini hisobga olish, Toshkent shahrining eski shahar qismi, madaniy meros ob’ektlari va atrof-muhit qulay ekologik holatining saqlanishi, aholi hayot darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan va turli qonunbuzarliklar (daraxtlarning noqonuniy kesilishi, madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazish va boshqalar) bilan bog‘liq fuqarolar murojaatlari va shikoyatlari bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish yuzasidan mas’uliyat yuklandi.

Eksperiment natijalariga ko‘ra, farmon O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham amalga tatbiq etilishi mumkin.