O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 2 avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Unda sog‘liqni saqlash tizimida muammolar, xususan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi oqibatida ushbu sohadagi islohotlar to‘liq bo‘lmagan shaklda va tizimsiz tarzda amalga oshirilayotgani, bu esa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirish imkonini bermayotgani va tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, eng avvalo, respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy malakasini oshirish va lozim darajada saqlash, ularning ko‘nikmalari zamonaviy talablarga muvofiqligi ustidan ta’sirchan monitoring tizimi joriy etilmagani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishning strategik maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

umume’tirof etilgan xalqaro metodikalarga muvofiq aniqlanadigan mamlakat aholisi salomatligi ko‘rsatkichlarining barqaror yaxshilanishini va sog‘liqni saqlash tizimidan qanoatlanganlik darajasini ta’minlash;

dastlabki bosqichda mintaqada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni hamda keyinchalik sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligining jahon reytinglarida munosib o‘rinni egallash;

aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmida xususiy sektor ulushini salmoqli darajada ko‘paytirish, ushbu xizmatning sifatini va undan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;

milliy iqtisodiyotning byudjetni shakllantiradigan tarmog‘i sifatida tibbiy turizmni shakllantirish, keyinchalik uning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga hissasini izchil oshirib borish;

respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shu jumladan, boshqaruv kadrlariga xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz ta’lim berish va ular malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etilishi va va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘z tarkibiy bo‘linmalariga ega bo‘lishi, respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini birlashtiruvchi, respublika sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, shu jumladan, ushbu qarorning 1-bandida belgilangan strategik maqsadlarga erishishni ta’minlash uchun mas’ul tashkilot hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Palataning asosiy vazifalari etib respublika sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish kabi ishlar belgilandi.

Sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish sohasida hamda vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, davlat boshqaruvi organlari, tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishda sog‘liqni saqlash sohasidagi xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb qilish hamda ularning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish bo‘yicha vakolatli tashkilot hisoblanadi.

2020 yil 31 dekabrga qadar respublikada kasbiy faoliyatni amalga oshirayotgan shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olish tizimini joriy etishni, shuningdek, ular to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratishni ta’minlaydi.

2021 yil 1 yanvardan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanishi belgilandi.

Milliy palata huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

a) O‘zbekiston Respublikasida Sog‘liqni saqlashning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha maslahat kengashi.

b) yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mablag‘lari tijorat bankidagi maxsus, shu jumladan, valyuta hisobvarag‘ida jamlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimini isloh qilish doirasida Milliy palataning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha yetakchi xorijiy tashkilotlar, shu jumladan, «GMC Service International Ltd» (Buyuk Britaniya) tashkiloti vakillarining ekspert ko‘magini jalb etishga doir xarajatlarning moliyalashtirilishini ta’minlasin.