O‘zbekiston Markaziy banki 28 iyul kuni qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz darajada saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi MB matbuot xizmati.

Mazkur qaror iste’mol narxlari o‘sish sur’atining pasayish tendensiyasini mustahkamlash va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar davrida inflyatsion bosimning kuchayish xavfi saqlanib qolayotganligi sababli milliy valyutadagi depozitlarning nisbatan yuqori daromadliligini ta’minlashga qaratildi.

Inflyatsiya. Birinchi yarim yillikda iste’mol narxlari indeksining o‘sishi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 6,2 foizni (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 7,2 foiz) tashkil qildi. Mazkur davrda iste’mol narxlari indeksining oylik dinamikasi yanvar oyidagi 2,7 foizdan iyun oyiga kelib -0,4 foizgacha tushishi, iqtisodiyotda narxlarning pasayib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu davrda inflyatsiya tarkibida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2017 yilning birinchi yarim yilligida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omil bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilligida ularning o‘sishi ikki barobarga sekinlashib 4,6 foizni, xizmatlar tariflari oshishi esa ikki barobarga oshib 8 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflari oshishi inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar bo‘ldi.

Pul-kredit siyosati. Ikkinchi chorakda banklararo pul bozorida foiz stavkalari bank tizimidagi likvidlik holatidan kelib chiqib 12,7−13,1 foiz oralig‘ida tebranib turdi.

Majburiy rezervlarning yangi tartibi va normativlarining joriy qilinishi Markaziy bank sof tashqi aktivlarining o‘sishi hisobiga vujudga kelgan bank tizimidagi likvidlikning oshishini oldini oldi.

Moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjetini muvozanatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha yondashuv likvidlik va pul massasi o‘sish sur’atini ma’lum bir darajada ushlab turish imkoniyatini berdi.

Kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalarining inflyatsiya darajasiga nisbatan yuqori darajada shakllanishiga qaramasdan davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratish ko‘lamining ortib borishi hisobiga iqtisodiyotni kreditlash hajmlari yuqori sur’atda oshdi.

2018 yilning birinchi yarim yilligida jami kredit qo‘yilmalar qoldig‘i hajmi 21,5 foizga oshdi. Natijada, joriy yilning ikkinchi choragida pul massasi o‘sish sur’atining birinchi chorakka nisbatan jadallashuvi kuzatilib, birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha pul massasi 5,8 foizga oshdi.

Milliy valyutadagi depozitlarning nisbatan yuqori daromadliligini saqlab turish bo‘yicha amalga oshirilayotgan foiz siyosati banklarning majburiyatlar tarkibidagi jamg‘arma va muddatli depozitlar hajmining mos ravishda 40 va 27 foizga yuqori sur’atlarda oshishiga sabab bo‘ldi.

Ikkinchi chorakda xorijiy valyuta taklifining ortib borishi sharoitida milliy valyuta almashuv kursi 3,1 foizga mustahkamlandi.

Iqtisodiy va investitsion faollik. Respublikaning yirik savdo hamkor mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tiklanishi hamda asosiy eksport mahsulotlari uchun qulay bozor kon’yunkturasining shakllanishi to‘lov balansi holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib bordi.

Birinchi yarim yillikda barqaror iqtisodiy o‘sish xizmatlar va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida o‘sish sur’atlarining tezlashishi hisobiga ta’minlandi.

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot real hajmi 4,9 foizga o‘sdi.

Yuqori o‘sish sur’atlari shuningdek, faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar sonining joriy yilning birinchi yarim yilligida 7,3 foizga yoki 20,7 mingtaga ko‘payishida ham namoyon bo‘ldi.

Mazkur davrda kapital qo‘yilmalar hajmi 13,4 foizga o‘sdi. Olib borilayotgan qurilish ishlari hajmi va ko‘lami faol kengayishda davom etdi (o‘sish 9,7 foiz).

Iqtisodiyotda kuzatilayotgan yuqori faollik sharoitida 2018 yil ikkinchi yarim yilligida tadbirkorlikni, alohida tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining amalga oshirilishi iqtisodiyotning o‘sish sur’atiga qo‘shimcha turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Maqsadli dasturlar doirasida kreditlash hajmlarining oshib borishi, ayrim tarmoqlarda ish haqi miqdorlarining qayta ko‘rib chiqilishi hamda tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayonlarini davom ettirilishi iqtisodiyotda investitsion va iste’mol talabini oshirib, qisqa muddatli istiqbolda ma’lum darajada inflyatsion bosimning kuchayishiga olib kelishi mumkin.