Toshkent hokimiyati tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, chet el investitsiyalarini jalb qilish va davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

14 iyul kuni hokimiyatda tadbirkorlar va chet ellik sarmoyadorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda shaharning barcha 11 tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 8,13 trln so‘mlik 67 ta yirik loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Ularni amalga oshirish uchun 894,2 mln so‘mlik chet el sarmoyasi va 218,9 mln so‘mlik bank kreditlarini jalb qilish, 9300 dan ortiq ish o‘rinlarini ochish rejalashtirilmoqda.

Foto: fb.com/Toshkenthokimligi

Toshkent hokimi v. b.Jahongir Ortiqxo‘jayev har bir loyihani ko‘zdan kechirib, o‘z tavsiyalarini berdi. U Toshkentda turar-joy qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar uchun loyihalarni tasdiqlashning yangi tartiblarini ma’lum qildi.

Endilikda turar-joy qurilishi yakuniga yetganidan so‘ng davlatga ko‘chmas mulkni sotishdan foizlar to‘lanmaydi, kvartiralarning 10−15 foizi esa hokimiyat tasarrufiga beriladi. Shahar ma’muriyati mazkur uylarni mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa fuqarolarga beriladi.

Ochiq eshiklar kunlari yakuniga yetganidan so‘ng hokimiyat xodimlari har bir loyihaning borishi bilan tanishib boradi, sarmoyador va tadbirkorlar bilan uchrashib, muammolarni o‘rganadi, ularning savollariga javob beradi.

Foto: fb.com/Toshkenthokimligi

Dushanba kuni hokimiyat Mirobod City loyihasi uchun 300 mln dollar sarmoya kiritishni maqsad qilgan investorlarni qabul qildi. Ushbu loyiha doirasida savdo markazi, turar joy, mehmonxona, biznes markazi, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar quriladi. Jami 20,05 gektar maydon ajratiladi. Buziladigan uylar sohiblari xuddi shu joydan yangi uylarga ko‘chib o‘tadi, deya tasdiqladi Elegant Perspective Building kompaniyasi vakili.

Ochiq eshiklar kunlari har shanba o‘tkaziladi.