1 oktyabrdan sanoat korxonalari va avtomobillarni yuvish shoxobchalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq oshiriladi. Prezident 2 iyul kuni «Suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deya xabar qildi Norma.uz.

Jumladan, avtomobillarni yuvish shoxobchalari soliqlar yig‘ish tizimidan qat’i nazar (soliq yig‘ishning umumiy yoki soddalashtirilgan tartibi), hatto yagona soliqni to‘lagan bo‘lsa ham, ushbu soliqqa tortiladi.

Yuqoridagi farmonga ko‘ra, 1 oktyabrdan suv resurslaridan foydalanganlik uchun quyidagicha soliq to‘lanadi:

1. Iqtisodiyotning barcha tarmoq korxonalari (2−6-bandlarda ko‘rsatilgan korxonalardan tashqari), tadbirkorlik faoliyati jarayonida suv resusrlaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar — yerusti suv resurslari manbalari uchun 98,2 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 124,8 so‘m;

2. Sanoat korxonalari (3−6-bandlarda ko‘rsatilgan korxonalardan tashqari) — yerusti suv resurslari manbalari uchun 300,3 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 360,0 so‘m;

3. Avtotransportlari yuvishga ixtisoslashtirilgan korxonalar — yerusti suv resurslari manbalari uchun 1000,0 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 1250,0 so‘m;

4. Elektrostnatsiyalar — yerusti suv resurslari manbalari uchun 28,4 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 42,2 so‘m;

5. Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari — yerusti suv resurslari manbalari uchun 53,9 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 69,7 so‘m;

6. Alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalar

  • alkogolsiz ichimlik ishlab chiqarish uchun foydalangan suv hajmi uchun — yerusti suv resurslari manbalari uchun 15 870 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 15870 so‘m;
  • boshqa maqsadlarda — yerusti suv resurslari manbalari uchun 98,2 so‘m, 124,8 so‘m.

Prezident 2019 yilgi davlat byudjetini shakllantirishda resurslardan foydalanish bo‘yicha soliq stavkalarini tanqidiy ko‘rib chiqishni topshirdi.