Toshkent hokimiyati Chilonzor ko‘chasidagi Seul ko‘chasi (sobiq Yangi Baynalmilal) rekonstruksiyasi bo‘yicha tender e’lon qildi. Poytaxt ma’muriyati matbuot xizmatining xabar qilishicha, ko‘chaning Beshyog‘ochdan Oqtepa chorrahasigacha bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilinadi.«Ko‘chaning tashqi ko‘rinishi o‘zbek va koreys arxitekturasiga xos bo‘lgan ramzlarni va xususiyatlarni o‘zida mujassam etadi va ikki xalq madaniyati orasidagi ko‘prik sifatida xizmat qiladi, — deyiladi hokimiyat xabarida. — Yangi boshlangan obodonlashtirish ishlarining asosiy maqsadlaridan biri bu ikki xalqqa xos bo‘lgan landshaft elementlari, ranglar gammasi va arxitekturasidan kelib chiqqan holda umumiy, yagona dizaynni yaratishdir».

Rejaga ko‘ra anhor qirg‘oqlari bo‘ylab sayr zonalari, kafe va restoranlar, faol va passiv hordiq chiqarish uchun bir qancha hududlar joylashadi, sakura daraxtlari o‘tqazilib, ayrim hududlar botanika bog‘i qiyofasiga ega bo‘ladi.

Hozirda yangi rekonstruksiya loyihasi ustida Janubiy Koreyadan taklif etilgan mutaxassislar va O‘zbekiston arxitektorlari ishlashmoqda.

Loyihaga sarmoya kiritish masalalari bo‘yicha hokimiyatning rasmiy Facebook-sahifasi orqali murojaat qilish mumkin.