Vazirlar Mahkamasining 26 apreldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deya xabar qildi Norma.uz.

Hujjatda belgilanishicha, kishini muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs deb e’tirof etish uchun u bir yo‘la 4 ta mezonga to‘g‘ri kelishi shart:

  • 18 yoshdan oshgan bo‘lishi;
  • shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (pasport, haydovchilik guvohnomasi, harbiy bilet va h.k.) bo‘lmasligi;
  • biron-bir manzilda vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmasligi yoxud yashash joyi bo‘yicha hisobda turmasligi;
  • g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli (jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini buzuvchi turmush tarzi, harakati yoki harakatsizligi bilan ajralib turishi), shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lishi (o‘zining g‘ayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida bo‘lishi).
  • Bunday shaxslar muntazam aniqlanib, tuman (shahar) ichki ishlar organlariga keltiriladi. U yerda ularning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmasa, ichki ishlar organi boshlig‘i shaxsni maxsus reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risida tuman (shahar) ma’muriy sudiga iltimosnoma kiritadi.

Sud iltimosnomani 24 soat davomida ko‘rib chiqadi. U qanoatlantirilganda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs 30 kunni reabilitatsiya markazida o‘tkazadi. Markazga qabul qilinayotganda ularning fotosuratlari olinadi, daktiloskopik ro‘yxatga qo‘yiladi (barmoq izlari olinadi), tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, buyumlari va ashyolari ko‘zdan kechiriladi, shuningdek ular dezinfeksiya qilinadi. Yuqumli kasallikka chalinganlar (OIV/OITS, silning faol shakli, zaxm va b.) boshqalardan alohida saqlanadi.

Markazda kunu tun bo‘lish vaqtida huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatiladi, shuningdek jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘tkaziladi. U yerda saqlash rejimi ancha qat’iy, hatto kirish va markaz hududidan erkin chiqish cheklangan.

Shaxs statsionar davolanishga muhtoj bo‘lsa, zudlik bilan sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasasiga yuboriladi. Keksalar va nogironlar «Saxovat» uylariga, ruhiy kasalligi bo‘lgan shaxslar «Muruvvat» uylariga joylashtiriladi. Sog‘lom erkak (18 yoshdan 60 yoshgacha) va ayollar (18 yoshdan 55 yoshgacha) esa ishga joylashtiriladi.

Hujjat 28 avgustdan kuchga kiradi.