Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Toshkentda Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes-forumida so‘zga chiqar ekan, ularning O‘zbekistondagi investitsiyalari, mol-mulklari va huquqlari ishonchli himoya ostida ekanini ma’lum qildi. Biznes-forum Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Bugun haqiqatdan ham tarixiy kun. Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan tan olgan davlat. Va bu vaqt davomida birinchi marta ikki davlat rahbarlari bunday biznes-forumda ishtirok etmoqda. Bu bizning yangi tariximiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Turkiya — bizning strategik hamkorimiz. Biz hamkorligimizni kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdormiz», — deya ta’kidladi u. «So‘nggi bir yarim yil davomida biz prezident Erdo‘g‘on bilan hamkorligimizni mustahkamlash, kelishuvlarimizni amalga oshirish uchun barcha kuch-g‘ayratimizni safarbar qildik».

«Bizning bir maqsadimiz bor — bir-birimizga ishonch darajasini oshirish», — dedi O‘zbekiston rahbari. «O‘rtamizda ko‘prik barpo etilishidan kimga foyda? Albatta, tadbirkorlarimizga», — dedi u.

Bugun O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun eshiklar keng ochilgan, deya ma’lum qildi u turk biznesi vakillariga.

«Biz Turkiya fuqarolari uchun vizani bekor qilish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qabul qildik. Bir necha oylar avval bu imkonsiz edi. Oktyabrda Turkiyaga tashrif buyurganimizdan keyin va Turkiya prezident bilan birgalikda amalga oshirgan choralar sharofati bilan qardosh Turkiya xalqi bilan viza bo‘lishi noto‘g‘ri degan qarorga keldik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Aminmanki, bu mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi», — dedi u.

O‘tgan davr mobaynida Samarqand va Istanbul o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda prezidentlar Toshkent-Istanbul va Samarqand-Istanbul yo‘nalishidagi qatnovlar sonini oshirish hamda kelgusida Buxoro-Istanbul va Urganch-Istanbul reyslarini ochishga kelishib oldik, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlari qizg‘in olqishlarga sazovor bo‘ldi, yig‘ilganlar o‘rinlaridan turib: «Ofarin!» deyishdi. «Sizlarning olqishlaringiz mening yana ko‘p-ko‘p qarorlarga imzo chekishimga asos yaratadi», — deya hazil qildi prezident.

O‘zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish va to‘liq himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Biznes rivojiga halal berayotgan ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi. «Biz do‘stim Erdo‘g‘on bilan yarim yil davomida ayrim tushunmovchiliklar va turk tadbirkorlariga nisbatan ishonchsizliklarga barham berish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdik va bu ishni davom ettiramiz», — deya ta’kidladi prezident.

«O‘rtamizda ishonchsizlik va sovuqchilik bo‘lgan davrlar bo‘lgan edi, lekin biz birlashib, ushbu muzlarni eritdik va bu sovuqchilik endi hech qachon qaytmaydi», — deya ishonch bildirdi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixida birinchi marta Toshkent hokimi lavozimiga tadbirkor — Artel Engineering rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayev tayinlanganini ma’lum qildi. «Bugundan boshlab u ikki majburiyatni ado etadi», — dedi prezident turk tadbirkorlari faoliyati uchun sharoitlar yaratilishini nazarda tutgan holda.

Prezident 50 ta istiqbolli loyiha uchun 3 mlrd dollar investitsiya kiritishni mo‘ljallayotgan biznes-forum ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi va uning jamoasi kelishuvlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga va’da berdi. «Ertaga o‘rtamizda tushunmovchilik paydo bo‘lsa, biz sizning ishonchingizni qozona olmaymiz. Biz juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik», — deya tan oldi u.

U bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqish bildirgan barcha turk ishbilarmonlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlash va zarur amaliy yordamlarni ko‘rsatishga topshiriq berdi.

Prezident turk tadbirkorlarining O‘zbekistondagi investitsiyalari, mol-mulklari va huquqlari himoya ostida ekaniga ishonch bildirdi.

«Sizga mamlakatimizda barcha o‘zaro manfaatli biznes loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga va’da beraman. Buni shaxsan o‘z nazoratimga olaman. Agarda biz birorta turk tadbirkorini xafa qilsak va u ketsa, barcha choralarimiz besamar bo‘lib chiqadi. Agarda bu yerda bo‘lib turgan byurokratlar biror xatoga yo‘l qo‘ysa, ular jazolanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.