O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Avvalroq ushbu farmon loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar qilingan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, ko‘p yillar davomida minglab fuqarolar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarida yakka tartibdagi turar joylarni noqonuniy ravishda qurib olishgan. Natijada mazkur muammo butun respublika miqyosida ommaviy tus oldi. Turar joylarga hujjatlarning yo‘qligi aholida boshqa ijtimoiy muammolar, jumladan yashayotgan joyi bo‘yicha propiskaga qo‘yish, mol-mulkka bo‘lgan huquqqa ega bo‘lish va uni sotish imkonsizligini keltirib chiqardi.

Prezident virtual qabulxonasiga fuqarolarning turar joyiga kadastr hujjatlarini berishni so‘rab 5000 dan ziyod, deputatlar, senatorlar, mahalliy ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda — 3000 dan ziyod murojaat kelib tushgan.

Farmonda Adliya vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat kadastri davlat qo‘mitasining jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqlarini tan olish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari tasdiqlandi.

2019 yil 1 mayga qadar (farmon loyihasida 2018 yil 31 dekabrgacha edi) mazkur farmon qabul qilingan vaqtdan oldin qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqini ushub ob’ektga o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs quyidagi shartlar asosida oladi:

ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lsa;

o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmasa, shuningdek uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarga nisbatan mulk huquqi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiluvchi Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tan olish bo‘yicha tashkiliy ishlar komissiyasi taqdimnomasiga ko‘ra tuman (shahar) hokimi qarori bilan umumiy mulk to‘g‘risidagi fuqarolik va oilaviy qonunchilik talablariga rioya etilgan holda eng kam ish haqining 5 barobari miqdoridagi (farmon loyihasida 10 barobar miqdorida edi) bir martalik to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng taqdim etiladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishda mulkdorga u qurilgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi ortiqcha qismi zaxira yerlariga olib qo‘yilgan holda, Soliq kodeksining 121-moddasida ko‘zda tutilgan soliqqa solishsiz beriladi.

Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.