20 aprel kuni internetda kollej o‘qituvchisining o‘quvchini oyoq kiyimi bilan kaltaklagani tasvirlangan videorolik tarqaldi. O‘zbekiston OO‘MTV O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, pedagog ishdan bo‘shatilib, ish prokuraturaga o‘tkazilgan.

Tekshiruvlardan videomaterial 11 aprel kuni Urganch avtomobil yo‘llari kasb-hunar kollejida tasvirga olingani ma’lum bo‘ldi. Biologiya fani o‘qituvchisi Z. Nafasova «o‘z majburiyatlari doirasidan chiqib, pedagog uchun nomunosib xatti-harakatlarni namoyish etgan holda o‘quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan, deya qayd etdi markaz vakili.

Kollejda 13 aprel kuni o‘tkazilgan majlisda o‘qituvchilar va guruh rahbarlari bu kabi xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangani to‘g‘risida ogohlantirilgan. Kollej rahbariyati kollejda 2008 yildan buyon ishlab kelayotgan Nafasova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi.

Markaz vakili o‘qituvchi qanday ruhiy holatda bo‘lishidan qat’i nazar, bu kabi harakatlarni mutlaqo oqlab bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdi.