Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari jarayonlarini qayd qilib borish maqsadida barcha shahar-tuman-tarmoq ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalaridagi xizmat kompyuterlariga jami 1832 ta veb-kamera o‘rnatildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vaqtincha saqlash hibsxonalari 1814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. Kuzatuvni amalga oshirish va ma’lumotlarni qayd etish uchun zarur miqdorda monitor va serverlar o‘rnatilib, to‘liq foydalanishga topshirildi.

Ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini o‘tkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yo‘laklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni ko‘zdan kechirish joylariga va oshxonalarga o‘rnatilgan. Shu yo‘l bilan butun muassasa hududida mahbuslarga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashning oldini olish choralari ko‘rilgan.

Po‘lat Bobojonov IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi 1-tergov hibsxonasidan misol keltirdi. «Bu yerda jami 357 videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan, xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan ushbu muassasada advokatlar, tergovchilar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Mazkur xonalar 67 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, tanib olish xonasi, ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olish xonasi, guvohlar uchun xona mavjud».

Muassasada mahbuslar yaqinlari bilan uchrashishi uchun yetarlicha joy ajratilib, barchasi jihozlangan. Fuqarolarni qabul qilish xonasi ham ishlab turibdi. Mahbuslarning kameralarida ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

«Tergov hibsxonalaridagi tergovchilar xonalariga videokameralar o‘rnatilishidan asosiy maqsad, tergov harakatlarini o‘tkazish jarayonida noqonuniy usullar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ayni paytda bu jinoyat protsessi ishtirokchilari tomonidan tergovchini asossiz ravishda turli noqonuniy xatti-harakatlarda ayblash kabi holatlarning ham oldini oladi», — dedi IIV rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, advokatlar xonasining videokameralar bilan jihozlanishi qonunga zid harakatlarning oldini olish bilan birga, ularning xavfsizligini ta’minlashni ham ko‘zlaydi. Shuningdek, muqaddam sudlanib, sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni so‘roq qilish uchun maxsus xonalar tashkil etilgan.

O‘rnatilgan videokuzatuv vositalari, monitor va serverlar uchun Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi hisobidan 5,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

2017 yil mobaynida Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarining mahkumlar yotoqxonalariga 50 ta, Navoiy viloyatidagi bunday muassasalarning mahkumlar yotoqxonalariga esa 34 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, jazoni o‘tayotgan shaxslar ichki tartib-qoidalarga rioya etishini uzluksiz nazorat qilib borish hamda ular bir-birining va muassasa xodimlari mahkumlarning haq-huquqini poymol qilishining oldini olishdir. Hozirgi kunda boshqa jazoni ijro etish muassasalarida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Tergov hibsxonalarining kirish darvozasi va yo‘laklarga, mahbuslarning kameralariga ham videokuzatuv vositalari o‘rnatildi. Bunda nafaqat mahbuslar, balki tergovchi va advokatlarning ham xatti-harakatlari kuzatuv ostida bo‘ladi. Mansabdor shaxslar va muassasa xodimlarining hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan har qanday noqonuniy muomala-munosabati qayd etiladi va ularga nisbatan tegishli chora ko‘riladi.

Uning ta’kidlashicha, bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlari xodimi yoki kimningdir «buyurtmasi"ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi.

«Har qanday fuqaro, u mahkum bo‘ladimi yoki mahbus, avvalo, insondir. Qolaversa, u ham shu xalqning, shu yurtning farzandi. Har bir shaxs jinoyat sodir etgan bo‘lsa, qilmishiga yarasha qonunga muvofiq jazoga tortiladi. Lekin uni qiynashga, tahqirlashga, huquq va erkinliklarini poymol etishga hech kimning haqqi yo‘q.», — dedi Po‘lat Bobojonov.