10 aprel kuni AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen kattalarda miya saratonini davolashda qo‘llaniluvchi «Temodar» (Temodar) dorisining AQSHdan O‘zbekistonga keltirilganini e’lon qildi, deya xabar berdi AQSH elchixonasi matbuot xizmati.

Umumiy qiymati 2,9 million dollar bo‘lgan ushbu dori AQSHning Nyu-Jersi shtati Keniluors shahrida ishlab chiqarilib, u «Merck Sharp & Dohme» farmatsayevtika kompaniyasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi. AQSHda tashkil etilgan «Project HOPE» xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur dorini AQSHdan O‘zbekistonga bepul yetkazib berilishini ta’minladi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu dori vositalarini topshirish marosimida elchi Pamela Spratlen bilan birga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev hamda «Project HOPE» tashkilotining Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha Mintaqaviy direktori Mariam Sianozova ham ishtirok etdi.

«Bugungi tadbir O‘zbekiston fuqarolarining salomatligi va farovonligini yaxshilash yo‘lida mehnat qilayotgan O‘zbekiston hukumati, xususiy sektor hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID)ning hamkor tashkiloti o‘rtasidagi muvaffaqqiyatli muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligining natijasidir», — dedi elchi Pamela Spartlen.