4 aprel kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, shuningdek, Gimnastika federatsiyasi mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada bungacha «Yoshlar ittifoqi sport markazi» MCHJ direktori lavozimda faoliyat olib borgan mutaxassis, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Zarrina Abdullayeva Gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimiga saylandi.

Zarrina Abdullayeva o‘z nutqida mamlakatda gimnastikani yanada rivojlantirish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

«Barchamizga yaxshi ayon, gimnastika mamlakatimizda ma’lum darajada rivojlangan, ommaviylashgan. Ammo, shunga qaramay ayni paytda muammolar yetarli. Bir qancha yo‘nalishlarda oqsash ko‘zga tashlanadi. Jumladan, sport gimnastikasi, trampolin va akrobatikada natijalar ko‘ngildagidek emas. Birgalikda yangi tizimni yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Malakali mutaxassislarni jalb etib, ular bilan tajriba almashishimiz lozim», — dedi federatsiyaning yangi prezidenti.

Konferensiya davomida, shuningdek, Gimnastika federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlab kelgan Ruslan Mustayev va federatsiya bosh kotibi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Gyozella Fillipova iste’foga chiqdi. Federatsiyaning yangi rahbari ular o‘rniga munosib mutaxassislar nomzodini ko‘rib chiqadi.