28-mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiya Federatsiyasining Toshkent shahridagi elchixonasiga tashrif buyurdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston hukumati nomidan elchi Vladimir Tyurdenovga Rossiyaning Kemerova shahridagi ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelgan yong‘in munosabati bilan samimiy ta’ziya bildirildi va Hamdardlik kitobiga qayd kiritildi.

28 mart kuni Rossiyada Kemerovodagi yong‘inda halok bo‘lgan 64 kishining xotirasiga motam e’lon qilindi. Yong‘in qurbonlar soni bo‘yicha Rossiyaning so‘nggi 100 yillik tarixidagi eng yirik to‘rtinchi hodisa bo‘ldi.

Erta tongdan toshkentliklar Rossiya elchixonasi binosiga gullar, shamlar va o‘yinchoqlar keltirdi, deya xabar berdi O‘zA.