22 martdan yozgi mavsum uchun «Toshkent-Bishkek-Baliqchi-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l aloqasi ishga tushirildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, Issiqko‘l qirg‘og‘igacha haftaning payshanba kunlari Toshkent Markaziy vokzalidan 20:50 da yo‘lga chiqiladi.

Yo‘lga 25 soatu 39 daqiqa sarflanadi. Bishkekka poyezd 16:03 da yetib boradi, Baliqchi posyolkasiga esa — 22:29 da. Toshkentga poyezd shanba kuni 1:59 da otlanib, yakshanba kuni 5:30 da poytaxtga yetib keladi.

300 yo‘lovchiga mo‘ljallangan poyezd birinchi sinf (CB), 5 kupe, 2 ta platskart va vagon-restoranni o‘z ichiga oladi.

Issiqko‘l bilan temir yo‘l aloqasini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuv Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning Toshkentga tashrifi vaqtida imzolangan edi.