O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9−10 mart kunlari Tojikiston Respublikasiga ilk Davlat tashrifi chog‘ida «Turonbank» ATB davlat delegatsiyasi tarkibida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-tojik biznes forumida ishtirok etdi.
Mazkur biznes-forum doirasida 2018 yil 9 mart kuni «Turonbank» ATB va «Oriyonbank» OAJ o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar.

Imzolangan ushbu memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda «Turonbank» ATB va «Oriyonbank» OAJning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat.

Memorandumning kuchga kiritilishi O‘zbekiston Respublikasidan Tojikiston Respublikasiga hamda tegishlicha Tojikiston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga mahsulotlar va xizmatlarni eksport qilish bilan bog‘liq bitimlarni moliyalashtirishni boshlashga imkon beradi.

O‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandum ijrosining birinchi bosqichi «Turonbank» ATB va «Oriyonbank» OAJ o‘rtasida korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish hamda eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirishdan iborat bo‘ladi.

Reklama huquqi asosida.