Davlat byudjeti qo‘shimcha moliyaviy yuklamani ko‘tara olsa, shu yilning o‘zidanoq «iste’mol savatchasi» va «yashash minimumi» tushunchalari joriy etilishi mumkin. Bu haqda shanba kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari yashash minimumini O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, iste’mol savatchasini esa Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga aniqlab berar edi.

«Iqtisodiyot vazirligi ushbu tashkilotlar birgalikda ishlaydi. To‘liq hisob-kitoblar o‘tkazilganidan so‘ng ular xalqaro standartlarga qanchalik javob berishini tekshiramiz. Agarda ushbu tushunchalarni amaliyotga tatbiq eta olmasak, u qog‘ozlarda qolib ketaveradi. Maqsad — aholi daromadlarini oshirish, ya’ni har qanday davlatda aholi yashash minimumidan kam bo‘lmagan miqdorda daromad ko‘rishi lozim», — dedi u.

Birinchi navbatda yashash minimumi va iste’mol savatchalari hisob-kitob qilib olinadi. Shundan so‘ng ushbu tushunchalarni amaliyotga joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi. Ya’ni ular davlat byudjetiga, shuningdek xodimlariga oylik to‘layotgan korxonalarning xarajatlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi o‘rganiladi, dedi u.

Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, joriy yilda ushbu tushunchalarni tatbiq etishga ulgurilmasa, 2019 yil byudjetiga tushunchalarni kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Atamalarni joriy etish 2018 yilgi «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasidan o‘rin olgan.