Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) poytaxtning Uchtepa tumanidagi bolalar bog‘chasida tarbiyachining bolalardan biriga qilgan qo‘pol muomalasiga munosabat bildirdi. MTMda bo‘lib o‘tgan voqea Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.

MTV matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin bo‘lib o‘tgan hodisaga aniqlik kiritish va tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha nazoratni o‘z qo‘liga olgan.

11 yanvar kuni vazir, uning o‘rinbosarlari va MTVning maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i, Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim Bosh boshqarmasi rahbariyati, hodisa sodir bo‘lgan 20-MTM mudirasi hamda bolalar bog‘chasi tarbiyachilari va ota-onalar ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tarbiyachi Sadoqat Rahmatullayeva 2017 yil aprelida 20-MTMga ishga qabul qilingan. 11 yanvar kuni jabrlangan bolaning ota-onasi va mudira bilan suhbatda tarbiyachi bola bilan juda qo‘pol munosabatda bo‘lgan (haqoratli so‘zlar bilan haqoratlab, jismoniy kuch ishlatgan, tahdid qilib, mazahlagan), avval ham uning ustidan ota-onalardan shikoyatlar kelib tushgan.

Bolalar tarbiyachidan qo‘rqqani uchun guruhda bo‘lgan voqealarni aytmagan. Aniq dalillar bo‘lmagani, shuningdek Sadoqat Rahmatullayevaning qarindoshlari tomonidan mudiraga bosim o‘tkazilgani sababli muammolarni hal qilish doimiy ravida ortga surilgan.

Shubha va gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish uchun bolalar bog‘chasining shaxsan tashabbusi bilan guruhlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, deyiladi vazirlik xabarida.

8 yanvar kuni Sadoqat Rahmatullayeva tarbiyalanuvchi M.A.ni (2011 yilda tug‘ilgan) turtib yuboradi, bola zarbadan yiqilib tushadi. Qo‘rqib ketgan tarbiyachi uning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, bola qattiq yugurayotganda yiqilib tushganini ma’lum qiladi.

9 yanvar kuni bolaning ota-onasi mudiraga shikoyat bilan murojaat qiladi va unga kuzatuv kamerasi tasvirlarini ko‘rsatadi. Ota-ona videoyozuvni ichki ishlar organlariga taqdim etish uchun mobil telefoniga yozib olib, so‘ngra uni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishadi.

Maktabgacha ta’lim vaziri rahbarligidagi komissiya Sadoqat Rahmatullayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi.

Bolaning ahvoli qoniqarli ekaniga qaramasdan, MTV MTB Bosh boshqarmasiga bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisini to‘liq tibbiy tekshiruvdan, jumladan MRT va boshqa zarur jarayonlardan o‘tkazish vazifasini topshirdi.

20-MTMda 2016 yil mayidan buyon ishlab kelayotgan mudiraga nisbatan xayfsan ko‘rinishidagi chora qo‘llanildi. Xabar qilinishicha, Nilufar Isayeva bir necha marta Sadoqat Rahmatullayevani ogohlantirish, ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozishni talab qilgan, biroq tarbiyachining yuqori lavozimlarda ishlovchi qarindoshlari mudiraga bosim o‘tkazib kelgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi huquqni muhofaza qilish organlari mazkur hodisa yuzasidan o‘z xulosalarini berishlariga umid bildirdi. Mahkamadan qayd etilishicha, Sadoqat Rahmatullayeva va u kabilarning ta’lim tizimida ishlamasliklari uchun barcha choralar ko‘riladi.