O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Qurolli Kuchlar Akademiyasi Situatsiya markazida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi. U 14 yanvar — QK tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida bo‘lib o‘tdi. «Gazeta.uz» Prezident nutqidan asosiy iqtiboslarni e’lon qilmoqda.

Mamlakat mudofaa salohiyatidagi muammolar

Mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida hali ancha muammolar borligini qayd etish zarur. Ularni hal qilish yuzasidan 2018 yilda va kelgusi yillarda qattiq ish olib borishimiz lozim.

Men yil davomida Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini tahlil qilib bordim. Harbiy o‘quv mashqlarini Kattaqo‘rg‘on poligonida kuzatdim, Janubi-G‘arbiy, Sharqiy va Toshkent harbiy okruglarida Mudofaa vazirligi va chegara qo‘shinlari bo‘linmalarini, bugun esa Chirchiq shahridagi harbiy qismni borib ko‘rdim. Harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdim, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitdim. Natijada ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan jiddiy, tizimli muammolar aniqlandi. Bular — kadrlar masalasi, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga taalluqli muammolardir.

Albatta, o‘tgan yili birinchi navbatda hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilindi.

Lekin, tan olishimiz kerak, ularning barchasi tizimli emas, balki ma’lum bir yo‘nalish va bo‘g‘indagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlardir. Ana shu holatni hisobga olib, Vatanimiz xavfsizligini mustahkamlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirishdek g‘oyat muhim sohada ko‘plab muammolar mavjudligini anglagan holda, biz yangi Mudofaa doktrinasini qabul qildik. Ushbu hujjatda mamlakatimizning harbiy qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha asosiy yo‘nalish va zamonaviy yondashuvlar aks ettirildi.

2017 yil 12 dekabrda Prezident farmoni qabul qilinib, unda mavjud murakkab holatdan chiqishning ta’sirchan va samarali chora-tadbirlari belgilab berildi.

Yangi mudofaa doktrinasi

Qisqa muddatda dastlabki aniq natijalarga erishdik va yangilanayotgan Qurolli Kuchlarimiz bo‘yicha strategik yondashuvni ishlab chiqdik.

Tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, eng asosiysi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashdek biz uchun ustuvor bo‘lgan tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Bu doktrinaning ma’no-mazmuni birinchi marta ochiqlik xususiyatiga ega bo‘ldi. Bu esa bizning mudofaa siyosatimizning ochiqligini namoyish etmoqda. Doktrinada O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati bo‘yicha prinsipial yondashuvlar, ularni qo‘llash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab berildi.

Barchangizning e’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman: Mudofaa doktrinasi qoidalari qog‘ozda qolib ketmasligi, biz ularni hayotga so‘zsiz joriy etishni ta’minlashimiz shart.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis Mudofaa doktrinasini amalga oshirish, bu masala bo‘yicha muntazam ravishda parlament nazoratini olib borishi maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, deputat va senatorlarimiz mudofaa va harbiy qurilish masalalariga befarq bo‘lmasdan, bu borada o‘z faoliyatlarini kuchaytirishlari, har bir chorakda ikki marta Oliy Majlis palatalarining yig‘ilishlarida ushbu yo‘nalishdagi ishlarning ahvolini muhokama qilib borsalar, ayni muddao bo‘lardi.

Harbiy okruglarning yangi vazifalari

Mudofaa doktrinasi qoidalari va mamlakatimizning geostrategik joylashuvini hisobga olgan holda, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, Mudofaa vazirligining barcha birlashma va qismlarining tarkibiy tuzilmasi to‘liq yangilandi. Biz bo‘linmalarga jangovar tayyorgarlik bilan to‘laqonli shug‘ullanish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni aniq bajarish uchun tayyor bo‘lishiga alohida e’tibor qaratdik. Bunga imkon bermagan tuzilmalardan butunlay voz kechdik. Shundan kelib chiqqan holda, harbir ofitser va serjant egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z faoliyatiga tanqidiy baho berishi kerak. Ular «Men kelgusida xizmatni davom ettirishga munosibmanmi yoki yo‘qmi?» degan savolga javob berishi shart.

Men harbiy xizmatchilarimizning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan bog‘liq bir qator muammolarga e’tibor qaratmoqchiman. Nega deganda, jismoniy tayyorgarlik harbiy xizmatchilar uchun xizmat faoliyatida, harbiy karerasida va umuman, turmush tarzida hal qiluvchi omillardan biri bo‘lishi zarur. Harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli bo‘lishi haqida gapirganda, keyingi paytda dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ko‘zga tashlanayotgan bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ya’ni, jangovar harakatlar davomida shaxsiy tarkib o‘rtasidagi yo‘qotishlarning asosiy qismi kuchli ruhiy ta’sir va zarbalar bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bunday ruhiy jarohatlarni hatto tinch hayot sharoitida ham davolash juda murakkab masaladir.

Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi me’yoriy hujjatlar ishlab chiqishi zarur. Bu borada asosiy e’tiborni harbiy-amaliy masalalarni hal etishga yo‘naltirish lozim. Harbiy xizmatchilar har tomonlama sog‘lom va chidamli bo‘lishi, har qanday murakkab jismoniy va ruhiy sinovlarga bardosh berishi kerak.

o‘shinlardagi tashkiliy-shtat o‘zgarishlariga oid masalalarga yana bir bor e’tibor qaratib, ta’kidlab aytmoqchiman: hozirgi paytda Mudofaa vazirligi tomonidan qo‘shinlarni yangi tashkiliy tuzilmaga o‘tkazish ishlari boshlandi. Bu ishlar yangi o‘quv yiliga qadar yakunlanishi zarur. Ana shu chora-tadbirlar haqida gapirganda, mudofaa vaziri va uning o‘rinbosarlari e’tiborini ushbu vazifalarning naqadar muhim ekaniga qaratmoqchiman. Ularning ijrosini shaxsan o‘zim nazorat qilib boraman. Qo‘shinlar istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr bo‘lishi uchun o‘z sohasini puxta egallashi shart.

Ko‘plab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamadi

Nima uchun bu talablar bugun kun tartibiga keskin qilib qo‘yilmoqda? Chunki, Mudofaa vazirligidagi ko‘plab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamagani, o‘zlarini ko‘rsatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, ularda tashabbus yo‘qligi, mustaqil qarorlar qabul qilishni, mas’uliyatni o‘ziga olishga tayyor emasligi bunga sabab bo‘lmoqda.

Holbuki, ularga o‘z qobiliyatini amalda namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan edi. Bunday kamchiliklar mudofaa vazirligi sobiq rahbariyati faoliyatining natijasi, desak xato bo‘lmaydi. Ochiq aytish kerak, ular asosan eski usullar bilan ishlab, qo‘shinlar bilan muntazam aloqa o‘rnatmagan, harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratmagan, zarur hollarda mustaqil qaror qabul qilishda ularga qat’iyat yetishmagan.

Afsuski, buning oqibatida bizda ko‘p hollarda harbiy boshliqlar tepadan buyruq kutib o‘tirishga o‘rganib qoldi. Yana bir bor takrorlab aytaman: har bir komandir va qo‘mondon o‘z harbiy qismi va okrugining sharoitidan, mavjud jangovar vaziyatdan kelib chiqqan holda, tezkorlik bilan har tomonlama asoslangan, mustaqil qaror qabul qilishga qodir bo‘lishi shart.

Men mudofaa vazirining tavsiyasiga binoan, vazirning ikkita o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari va Chirchiq harbiy bilim yurti boshlig‘ini lavozimidan ozod qildim. Hozirgacha harbiy okrug qo‘shin qo‘mondoni vazifasini vaqtincha bajarib kelayotganlardan biri bu lavozimga tasdiqlanmadi.

Ayni paytda, qo‘yilgan talablarga javob bermayotgan va qo‘shinlar bilan faol ishlashdan o‘zini chetga olgan 40 ga yaqin harbiy xizmatchi mudofaa vaziri tomonidan ishdan bo‘shatilgani, 36 nafarining lavozimi pasaytirilgani nimadan dalolat beradi? Bu birinchi navbatda, sohada harbiy kadrlar faoliyatini aniq baholashning reyting tizimi mavjud emasligini, oqibatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz ekanini ko‘rsatadi.

Mana shu va boshqa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda barcha ishlarni zamon talablari darajasida tashkil etish, harbiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida men Bosh shtab boshlig‘i hamda barcha harbiy okrug qo‘mondonlarini yangitdan tayinladim.

Shu munosabat bilan barchangizni ogohlantirib aytmoqchiman: 2018 yil sizlar uchun katta sinov yili bo‘ladi. Nega deganda, har qaysi okrug oldida turgan vazifalar, mavjud tahdid va xavf-xatarlar bir-biriga o‘xshamaydi. Buni har qaysi rahbar chuqur bilishi va o‘z faoliyati uchun zarur xulosa chiqarib olishi darkor.

Milliy gvardiya vazifalari

Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. Ma’lumki, bu maxsus harbiy bo‘linma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.

Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini ta’minlash tizimidagi muhim bo‘g‘inga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi.

Afsuski, oxirgi 15−20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga noto‘g‘ri yondashuv tufayli bu muhim masala e’tiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha e’tibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi bo‘lmagan, bu masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘linmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lib kelgan. Shu sababli ushbu bo‘linmalar o‘z o‘rnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash bo‘yicha o‘quv mashqlari deyarli o‘tkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur bo‘lgan paytda turli byurokratik to‘siqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan.

Holbuki, butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shug‘ullanadi.

Ma’lumki, bugungi kunda biz «Xavfsiz shahar — xavfsiz mamlakat» konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, ya’ni, Milliy gvardiya tashkil etildi. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, o‘zining bevosita vazifasi bo‘lgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shug‘ullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar bo‘ladi.

Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi vazifalari

mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining tashkil qilinishi milliy mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish yo‘lidagi birinchi va muhim qadam bo‘ldi.

Shuni ochiq tan olish kerakki, tegishli ilmiy va sanoat salohiyatiga ega bo‘lgan holda, biz 25 yil davomida mamlakatning mudofaa-sanoat kompleksini tashkil qilishga umuman e’tibor qaratmadik. Bu esa, tabiiyki, Qurolli Kuchlarni harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Masalan, radio aloqa uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha biz amalga oshirgan loyihani olaylik. O‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, uni hayotga joriy etish uchun bor-yo‘g‘i to‘qqiz oy yetarli bo‘ldi. Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Jahon tajribasidan ma’lumki, rivojlangan mudofaa sanoati innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Ishonchim komilki, iqtisodiyotning to‘laqonli mudofaa sektorini shakllantirish bo‘yicha biz boshlagan ish yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bilan birga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.

Ushbu yo‘nalishda harbiy va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan, import o‘rnini bosadigan, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan kompleks vazifalarni ham hal qilishimiz kerak.

Mamlakatimizda mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Biroq biz ulardan umuman foydalanmayapmiz. Masalan, joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari hududlarda harbiy xizmatchilar uchun maxsus kiyim-kechaklar, ekipirovka, turli asbob-uskunalar, quruq payoklar ishlab chiqarish, ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlaydigan sexlarni tashkil qilish bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega. Bularning barchasi bizga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda juda qo‘l keladi. Prezidentning yaqinda e’lon qilingan farmoni bilan sizlarga bu borada tegishli vakolatlar berilgan. Sizlar harbiy qo‘shin turlarining talab va ehtiyojlarini o‘rganib, bu yo‘nalishda ishni to‘g‘ri tashkil etishingiz mumkin-ku!

Endi viloyat hokimlari va okrug rahbarlarining faoliyatiga shu vazifa qanday bajarilayotganiga ham qarab baho beramiz. Biz Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasini Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi hududida joylashtirish haqida qaror qabul qildik. Nega deganda, mazkur qo‘mitaning boshqaruv apparati bevosita ishlab chiqarish muhitida doimiy faoliyat olib borishi lozim.

Hududlardagi harbiy-ma’muriy sektorlar

mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda joylardagi davlat hokimiyati organlarining faolligini va rolini oshirish bo‘yicha ishlar sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. «Milliy armiyamiz — bizning iftixorimiz va g‘ururimiz» tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlash maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi.

Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini ta’minlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bog‘liq.

Afsuski, yoshlarni, umuman, mamlakatimiz aholisini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga Mudofaa vazirligi va boshqa daxldor idoralar tomonidan yetarli ahamiyat berilmagan, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Biz bu borada quyidagi holatlarni hisobga olgan holda, harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etish haqida qaror qabul qildik.

Bir fikrni hech qachon unutmasligimiz kerak: armiyani moddiy jihatdan barcha zamonaviy zarur texnika va jihozlar, qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash mumkin. Ammo shaxsiy tarkib ma’naviy jihatdan zaif bo‘lsa, ya’ni, askar va ofitserlarimizda jangovar ruh, Vatanga mehr va sadoqat, uning taqdiri uchun mas’uliyat bo‘lmasa yoki ularning o‘rtasida beparvolik hukm sursa, bunday holat nihoyatda noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Harbiy kadrlarni tayyorlash muammolari

harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi zamon talablariga to‘liq javob bermaydi. Buning sababi — ayrim mansabdor shaxslar, masalaning mohiyati va ahamiyatini yetarli darajada tushunmagani bilan bog‘liq desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil qilishda eskicha yondashuvlar hali ham bartaraf etilmagan. Bunday holat bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Biz bu masalada doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak bo‘lsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Akademiyada va boshqa harbiy o‘quv yurtlarida zamonaviy shart-sharoitlarni xo‘jako‘rsinga yaratganimiz yo‘q. Aksincha, kursantlarimiz va tinglovchilarimiz ta’lim sohasida eng ilg‘or, innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Mana, bizning asosiy maqsadimiz.

Bundan tashqari, harbiy qo‘shinlarni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalasining dolzarb ahamiyatga ega ekanini hisobga olib, yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillar, jumladan, rus tilini o‘rganishga alohida ahamiyat berish darkor.

Shuningdek, avlodlar o‘rtasida uzviylik va ustozlik an’analari yo‘qolgani ham o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda, ayrim rahbarlarning o‘ziga o‘rinbosarlar tayyorlash, o‘zining «issiq joyi"ni yoshlarga bo‘shatib berishni xohlamasligi bilan bog‘liq. Ular yoshlarning malakasini oshirish va xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishiga ongli ravishda to‘siq bo‘lmoqda, desak, buyam haqiqat.

Men e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan yana bir masala, bu — kadrlarimizni xorijiy davlatlarda tayyorlash bilan bog‘liq. Ma’lumki, biz oshib-toshib ketgan boy davlat emasmiz. Shuning uchun bu masalaga chuqur o‘ylamasdan yondashishga haqqimiz yo‘q. Bu borada nomzodlarni har tomonlama puxta saralashimiz va tayyorlashimiz kerak. Toki, ular olgan bilim va tajribalarini keyinchalik amalda qo‘llash va joriy etishga qodir bo‘lsin. Shu bilan birga, yangi bilim va g‘oyalarni yanada keng yoyish maqsadida harbiy o‘qituvchilarimizni chet ellarda tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratish zarur.

Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi R.Qosimov, mudofaa vaziri A.Azizov Akademiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichini o‘z vaqtida va sifatli yakuniga yetkazishni, navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, tegishli infratuzilmalarni yaratishni ta’minlasin.

Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov Harbiy-texnika instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni sifatli va to‘liq amalga oshirishni ta’minlasin. Bu jarayonda o‘zi shaxsan ishtirok etib, mazkur institutni mamlakatimizning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylantirishi lozim. Kelgusida armiyamiz uchun yuksak malakali tayyor kadrlar, kerak bo‘lsa, Qurolli Kuchlar qo‘mondonlari darajasidagi nomzodlar zaxirasi aynan mana shu o‘quv yurtidan yetishib chiqishi zarur.

Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi. Chet ellik sheriklarimiz bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 13 ta amaliy harakatlar rejasi yoki «yo‘l xaritasi» amalga oshirilmoqda.

Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, harbiy sohada xalqaro miqyosdagi tadbirlar soni ko‘payishiga qaramasdan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliy jihatdan joriy etish darajasi pastligicha qolmoqda. Orttirilgan tajribani o‘rganish va joriy qilish borasidagi ishlar tizimli asosda olib borilmayapti.

Shu munosabat bilan mudofaa vaziri A.Azizov bu masalaga ham alohida e’tibor qaratishi zarur. Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash jarayonida harbiy xizmatchilarimizni professional jihatdan shunga mos ravishda tayyorlash hal qiluvchi vazifalardan biri bo‘lib turibdi.

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish

Mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni, ularning oila a’zolari va faxriylarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda ko‘p qavatli uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash borasida, jumladan, uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berilishini ko‘zda tutadigan yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda.

Hozirgi kunga qadar mamlakatimiz hududlarida 28 ta ana shunday uy-joy foydalanishga topshirildi, 522 nafar harbiy xizmatchining oilasi zamonaviy, shinam kvartiralar bilan ta’minlandi.

Yaqin ikki oy ichida yana 720 nafar harbiy xizmatchining oilasi yangi uylarga ko‘chib o‘tadi. Bu ishlar doimiy asosda davom ettirilib, har yili 1500 nafar Vatan himoyachisining oilasi uy-joy bilan ta’minlanadi.

Afsuski, bu masalada ham barcha rahbarlar berilgan topshiriqning ma’no-mohiyati va ahamiyatini to‘liq tushunib yetmayapti. Natijada ushbu loyihani boshlash hech bir sababsiz bir necha oyga cho‘zilib ketdi va shaxsan o‘zim ushbu masala bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri keldi.

2018 yil uchun rejalashtirilgan uylarni qurish bo‘yicha ishlar bugunoq boshlanishi kerak. Nega deganda, joriy yilda harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yurtimizning barcha hududlarida 100 ta ko‘p qavatli uy qurish belgilangan. Bu borada qandaydir bahona yoki sabablarni ro‘kach qilishga hech kimning haqqi yo‘q, bu masala bo‘yicha talab qattiq bo‘ladi.

Dunyodagi xavf-xatarlar

Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib bormoqda, ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda. Ana shunday keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor bo‘lishimiz, O‘zbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlarimizni yanada isloh qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiradigan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.

Shu munosabat bilan asosiy sa’y-harakatlarimizni quyidagi ustuvor vazifalarga qaratishni g‘oyat muhim, deb hisoblayman.

Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish va faollashtirish lozim.

Barcha bo‘g‘indagi hokimiyat organlari rahbarlari qo‘shinlarning kundalik hayotida, harbiy shaharchalar barpo etish va ularning infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatchilarda g‘urur, sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘usini, jangovarlik ruhi va istalgan paytda Vatan himoyasiga tayyorgarlikni tarbiyalashda faol ishtirok etishi shart.

Ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqishda asosiy mas’uliyat Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar keng dunyoqarash va yuksak intellektual darajaga ega bo‘lgan, o‘z fuqarolik burchini ado etishga mas’uliyat bilan yondashadigan yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilishi darkor.

Shu bilan birga, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, jumladan, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim. Qurolli Kuchlarimiz barcha davlat idoralari, muassasa va korxonalar uchun yetuk kadrlar tayyorlaydigan haqiqiy mardlik va yuksak vatanparvarlik maktabiga aylanishiga erishishimiz zarur.

Harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashni yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqimizning qadimiy tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi va ularning harbiy san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir.

Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va huquq-tartibot idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ana shunday qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning oilasi va yaqinlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.

O‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz jasoratini ulug‘lash, yosh avlod uchun ibrat namunasiga aylantirish maqsadida Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi X.Sultonovga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda shu mavzuga bag‘ishlangan Xotira kitobini yuqori saviyada nashr etish bo‘yicha taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi.

Ikkinchidan, harbiy okruglar qo‘shinlarining jangovar tarkibini yanada takomillashtirish, jangovar shayligi va harbiy qobiliyatini kuchaytirish, shuningdek, qo‘shinlarni boshqarish tizimini avtomatlashtirish va optimallashtirish orqali armiyamizning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish salohiyatini oshirishimiz zarur.

Uchinchidan, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash va tashkiliy-shtat tuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha konseptual hujjatlar yangilangani munosabati bilan Qurolli Kuchlarni rejalashtirish va ularni qo‘llashning me’yoriy-huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqish lozim.

To‘rtinchidan, qo‘shinlarning jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirish — muhim vazifadir.

O‘quv mashg‘ulotlari harbiy bo‘linmalarni imkon qadar to‘liq qamrab olgan va o‘zaro hamkorlikda harakat qiladigan tuzilmalarni jalb etgan holda o‘tkazilishi lozim. Shu asosda boshqaruv organlari va bo‘linmalar imkoniyatlari, askardan tortib komandirgacha bo‘lgan har bir harbiy xizmatchining xatti-harakati va jangovar vazifalarni bajarishda qo‘llanayotgan taktikaning maqsadga muvofiqligi va to‘g‘ri ekanini baholash mumkin bo‘ladi.

Beshinchidan, qo‘shinlarning real ehtiyojlarini tizimli ravishda tahlil qilib borish, ularning zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanish darajasini oshirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.

Bu borada Mudofaa vazirligi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan 2018−2021 yillarga mo‘ljallangan qo‘shinlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturni to‘liq amalga oshirish lozim.

Oltinchidan, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy ta’minot tizimini yanada takomillashtirish biz uchun eng muhim vazifa bo‘lib qoladi. Bu borada 2020 yilgacha mo‘ljallangan Qurolli Kuchlarni ijtimoiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish dolzarb ahamiyatga egadir.