O‘zbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga 2017 yil may oyidagi davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi va Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi o‘rtasida O‘zbekiston hududida kichik gidroelektrostansiyalar (KGES) qurilishi bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan ikki tomonlama Kelishuv imzolangan edi.

KGES qurilishi bo‘yicha davlat kelishuvlarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 17 oktyabdagi PQ-3335-sonli Qarori ijrosi yuzasidan «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki va «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan Xitoy Eksport-import banki mutaxassislari bilan birgalikda 58,5 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini jalb etish bo‘yicha faol ish olib borildi.

Joriy yilning 30 noyabrida «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki va Xitoy Eksport-import banki o‘rtasida «O‘zbekgidroenergo» AJning Xitoy Xalq Respublikasidan KGES qurilishi uchun uskunalarni xarid qilish loyihalarini keyinchalik qayta moliyalashtirish ko‘zda tutilgan 58,5 mln AQSH dollari miqdoridagi 20 yilga mo‘ljallangan qarz kelishuvi imzolandi.

Bundan tashqari, «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki va «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan bugungi kunda amaldagi gidroelektrostansiyalarni modernizatsiya qilish va qurish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlanmoqda.

Reklama huquqi asosida. Xizmatlar litsenziyalangan.