5 dekabr kuni O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri Rustam Jo‘rayev Farg‘ona vodiysidagi Qamchiq dovoniga amaliy safar bilan borib, Toshkent va Namangan viloyatlari favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va davlat xizmatlarining tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, kuch va vositalarining shayligi bilan tanishdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.

Vazir qish mavsumida ob-havoning noqulay sharoitida «Qamchiq» dovonidan o‘tuvchi yo‘lovchilar uchun Toshkent viloyatining Angren shahri, Ohangaron tumani hamda Namangan viloyatining Pop tumanida tashkil etilgan fuqarolarni qabul qilish punktlari holati va yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini ko‘zdan kechirdi.

A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovonining barqaror faoliyat ko‘rsatishini, dovon orqali avtotransport vositalari va yo‘lovchilarning xavfsiz hamda uzluksiz harakatlarini ta’minlashga jalb etilgan xizmatlarning texnikalari sozligi, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning tegishli asbob-uskunalar bilan ta’minlanganligi holati ham tekshirildi.

Qish mavsumida A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovonining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan doimiy nazoratga olingan.