O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Toshkent viloyati IIB vakillari bilan hamkorlikda firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi, deya xabar tarqatdi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi Nuriddin Abilgaziyev (1979 yilda tug‘ilgan) uch nafar hamtovog‘i bilan bilan Dilshod Avto Savdo MCHJ tashkil etib, ushbu jinoyatga rahbarlik qilgan. Hujjatlarga ko‘ra firma vositachilar yordamida avtomobillar savdosi bilan shug‘ullangan, biroq tergov jarayonida bu shunchaki niqob ekani fosh bo‘ldi.

«Rahbar lavozimlari va boshqa mansablarga o‘z maslakdoshlarini tayinlagan Abilgaziyev haqiqiy moliyaviy piramidani bunyod etadi. Manfaatli ishga mablag‘ kiritish taklifi bilan odamlardan pul, qimmatbaho buyumlar, mol-mulk, uy hayvonlari va avtomobil transportini qabul qilib oladi. Ular o‘rniga katta miqdordagi foizlarni to‘lashga va’da beradi», - deyiladi dasturda.

Abilgaziyev turli kanallar orqali korxona omonatchilarining muvaffaqiyatlari to‘g‘risidagi yolg‘on axborotlarni tarqatadi. Omonatchilarning pul va qimmatbaho ashyolarini kompaniyani rivojlantirishga yo‘naltirmasdan, avvalgi omonatchilarning foizlarini qoplaydi, pulning qolgan qismini esa o‘zlashtirib yuboradi, deyiladi dasturda. Aldangan omonatchilar soni yuzlab kishini tashkil etadi.

Ishni ko‘rib chiqqan Yangiyo‘l tuman sudi jabrlanganlarga 700 mln so‘mdan ziyod miqdorda tovon puli to‘lanishi to‘g‘risida qaror chiqardi. Bundan tashqari, 125 tadan ortiq yengil va yuk mashinalari qonuniy egalariga qaytarildi.