23 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib bordi.

Mun Chje In Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan qutlab, oliy darajadagi an’anaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

«Janubiy Koreya bugungi kunda butun Yevrosiyoda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash yo‘lidan bormoqda. Markaziy Osiyoda asosiy o‘ringa ega O‘zbekiston ushbu rejaning markazidadir», - deya Koreya Respublikasi Prezidenti so‘zlaridan iqtibos keltirdi O‘zA.

Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar xalqaro maydonda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhida rivojlanayotganini ta’kidlab o‘tdi. Global va mintaqaviy masalalarda tomonlar pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqin ahamiyatga ega.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar. 2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshdi. Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasida O‘zbekiston ulushi qariyb 50 foizni tashkil qiladi.

Oliy darajadagi uchrashuvda ayni paytdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyat va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish bo‘yicha yangi qadamlar tashlanishi ta’kidlandi.

Muzokaralar jarayonida tomonlar iqtisodiyot, energetika, moliya, investitsiya, yuqori texnologiyalar, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va gumanitar aloqalarni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Shuningdek 60 dan ziyod hujjatlar imzolandi. Jumladan:

  • O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vazirligi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi;
  • ikki mamlakat Adliya vazirliklari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi;
  • O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirliklari o‘rtasida O‘zbekistonda Milliy elektron savdo platformasini joriy qilish bo‘yicha hamkorlik bitimi;
  • O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo memorandum;
  • ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2018−2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi bilan Koreya Strategiya va moliya vazirligi o‘rtasida Bilimlar almashinuv dasturi bo‘yicha Anglashuv memorandumi, 2018−2020 yillarda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha hukumatlararo hadli kelishuv;
  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi bilan Koreya Respublikasi eksport-import banki o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv kabi hujjatlar imzolandi.