O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan yangi yo‘lovchi tashuvchi Tracker avtomobili, modernizatsiya qilingan «Cobalt» modeli, shuningdek, mototsikl va motorollerlarni seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Prezidentning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Kelishuvlar doirasida yangi avlod Chevrolet Tracker ixcham avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Avtomobil 1,8 litrli 140 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. 100 km ga yoqilg‘i sarfi 8,1 litrni tashkil qiladi. Ishlab chiqarish to‘liq texnologik sikl (shtamplash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish) bo‘yicha amalga oshiriladi. Avtomobilning lokalizatsiya darajasi 50 foizdan oshadi.

Bundan tashqari, kelishuvda Cobalt avtomobilini yangilash ham nazarda tutilgan. Bu esa o‘z o‘rnida ichki va tashqi bozorlarda modelning jozibadorligini oshiradi. GM Uzbekistan Alliance’ning ishlab chiqarish va eksport salohiyatining o‘sishiga yordam beradi. Ikkala modelning seriyali ishlab chiqarilishi Asaka avtomobil zavodi negizida 2019 yildan boshlanadi.

Tashrif davomida «O‘zavtosanoat» AJ va «DK Group» o‘rtasida mototsikl va uch g‘ildirakli yuk tashuvchi motorollerlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shartnoma O‘zbekistonda mototsikl va uch g‘ildirakli yuk tashuvchi motorollerlarni turli modellarini ishlab chiqish imkonini beradi. Mototsikl va motorollerlar qulay narx segmentida taqdim etilib, uzoq masofadagi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholining harakatlanishida va mahsulotlarni tashishda juda qulay va narxi bir necha barobar arzon.

«O‘zavtosanoat» AJ va Koreya Respublikasi avtomobil sanoati korxonalari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida umumiy qiymati 189,9 mln. AQSH dollariga teng 7 ta bitim, savdo-iqtisodiy sohaga oid 614 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.