Eronda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 140 nafardan ziyod kishi hayotdan ko‘z yumdi, deb xabar tarqatdi Press TV telekanali. Ushbu raqamlar yana ortishi mumkin. Qo‘shni Iroqda 6 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab insonlar jarohatlandi.

Yakshanba kuni Eron va Iroq chegarasida sodir bo‘lgan zilzila magnitudasi 7,2 balni tashkil etdi. Eronning Kermanshoh provinsiyasi eng ko‘p zarar ko‘rgan bo‘lib, bu yerda qariyb 130 nafar inson qurbon bo‘ldi, 900 nafarga yaqin kishi jarohatlandi. Provinsiyada uch kunlik motam e’lon qilindi.

RIA Novostining Eron Qizil Yarim oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib xabar qilishicha, 70 mingga yaqin kishi boshpanasiz qolgan va vaqtinchalik turar joyga muhtoj. Hukumat jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni amalga oshirmoqda.

Zilzila Turkiya, Quvayt, Armaniston, Iordaniya, Livan, Saudiya Arabistoni, Qatar va Bahraynda ham sezilgan.