27 oktyabr kuni Toshkent viloyatida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasidagi «O‘zbekiston biznes forumi (III bosqich)» qo‘shma loyihasi doirasida to‘rtta qishloq xo‘jaligi meteostansiyasini o‘rnatishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Meteostansiyalar Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq, Parkent hamda Toshkent tumanlarida o‘rnatiladi va 10 ming gektardan ortiq hududni qamrab oladi. BMTTDdan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, mazkur hududda 800 fermer va dehqon xo‘jaligini agrotexnik tadbirlar o‘tkazishga oid bepul professional tavsiyalar bilan ta’minlanadi.

Har bir meteostansiya yog‘ingarchilik hajmi, tuproq harorati, havo va bargning namlik darajasini, shamol tezligi va yo‘nalishi kabi qator ko‘rsatkichlarni prognozlashtiradigan datchiklar bilan ta’minlangan. Konsalting kompaniyasi meteoma’lumotlar tahlilini muntazam ravishda dehqonlarning uyali telefoniga uzatib turadi. Unda 7 turdagi ekin uchun kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar o‘tkazish zarurati yuzasidan tavsiyalar o‘rin oladi.

Muntazam konsalting ko‘magidan tashqari, fermer va dehqon xo‘jaliklari bog‘dorchilik bo‘yicha ta’limiy treninglarda ishtirok etishlari va qishloq xo‘jaligi ekinlari kasalliklari, zararkunandalari va himoya usullari to‘g‘risidagi cho‘ntak kartochkalariga ega bo‘ladilar.

Loyiha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng u butun O‘zbekiston hududida amalga oshiriladi. Shunday yo‘l bilan smart farm («aqlli ferma») konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha poydevor qo‘yilib, xo‘jalikni yuritish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi.