O‘zbekiston Better Cotton jahon standarti bo‘yicha ijtimoiy mas’ul va ekologik barqaror paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘yadi. Loyiha Vengriya ko‘magida Jahon banki guruhi a’zosi bo‘lgan Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha taqdimoti 24 oktyabr kuni 13-Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

2017—2022 yillarga mo‘ljallangan loyihadan ko‘zlangan maqsad jahonning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etgan holda paxta yetishtirish samaradorligini oshirish, paxta sektorida majburiy mehnatdan foydalanish xavfini minimallashtirishdan iborat. Loyiha qiymati 5 mln dollarni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda (2017—2018 yillarda) XMK sinov dasturini amalga oshiradi. Unda Farg‘ona (3 ta paxta zavodi va 6 ta fermer xo‘jaligida) va Jizzaxda (2 ta paxta zavodi va 4 ta fermer xo‘jaligida) Better Cotton jahon standartlari asosida paxta yetishtirishning barqaror standartlari ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkaziladi. Tizim muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganidan so‘ng miqyos mazkur viloyatlardagi 3000 ta fermer xo‘jaliklari va agrokorxonalar darajasida kengaytiriladi.

2019—2022 yillarda O‘zbekistonning qolgan viloyatlarida ham paxta yetishtirishning barqaror standatlari tizimi joriy etiladi.

Loyiha ekspertlari O‘zbekistonda paxta yetishtirish bosqichlarini o‘rgangan holda Better Cotton standartlari asosida har bir bosqich uchun tavsiyalar tayyorlashdi.