O‘zbekiston Futbol federatsiyasining halol futbol bo‘yicha ofitseri Axrol Inoyatov vazifasidan ozod qilindi. Bu haqdagi qaror O‘FFning navbatdagi majlisida qabul qilindi, deya xabar berdi federatsiya matbuot xizmati.

Axrol Inoyatov. Foto: O‘FF.

Axrol Inoyatov O‘zbekiston futbol musobaqalarida kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha ekspert komissiyasi raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

O‘zgarishlar Futbol bo‘yicha sport mahoratini oshirish Respublika oliy maktabi rahbariyatida ham sodir bo‘ldi.

Maktab direktori Anatoliy Klimov o‘rniga avval Davlat jismoniy tarbiya institutida turli lavozimlarda ishlagan Farhod Ortiqov tayinlandi.

Direktor o‘rinbosari Asqar Tolibjonov ham lavozimini tark etdi. Avval u O‘FF vitse-prezidenti va terma jamoalar markazi direktori bo‘lib ishlagan.

Asqar Tolibjonov. Foto: O‘FF.

Ayni paytda ofitser va Respublika oliy maktabi direktor o‘rinbosari lavozimi vakant hisoblanadi.

O‘FF xalqaro bo‘limida ham kadrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Shu vaqtga qadar xalqaro bo‘lim boshlig‘i boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Aleksandr Davidenko hamda uning yordamchisi Sherzod Igamberdiyev egallab turgan mansabidan bo‘shatildi.

Yangi tashkil etilgan xalqaro aloqalar boshqarmasiga Alim Arifov rahbar bo‘ldi. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. 10 yil davomida O‘zbekiston Futbol federatsiyasida turli lavozimlarda ishlagan.

Sport federatsiyalarida ishlash tajribasiga ega Diyor Isomiddinov Alim Arifovga o‘rinbosar etib tayinlandi.

Ayni paytda xalqaro aloqalar boshqarmasida bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, turli lavozimlarga yangi nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda.