O‘zbekistonda boshqa davlatlarda foydalanib kelinayotgan xorijlik sayyohlar uchun maxsus Uzbekistan Pass joriy etiladi. Bu Prezidentning 16 avgustdagi «2018−2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda butun respublika bo‘ylab foydalanish mumkin bo‘lgan, tovar va xizmatlarni chegirmalar bilan xarid qilish imkonini beruvchi maxsus plastik kartalarni ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Uzbekistan Pass kartalarini aeroportlar, mehmonxonalar va boshqa joylardan sotib olish mumkin bo‘ladi. Uzbekistan Pass kartalari O‘zbekistonga kirish uchun viza olishda bepul taqdim etilishi ham mumkin.

Uzbekistan Pass sayyohlik operatorlari xizmatlari paketiga ham kiritilishi rejalashtirilgan. Mazkur kartaga ega bo‘lgan chet elliklar madaniyat ob’ektlariga kirishda chegirmalarga ega bo‘ladi.

Ushbu kengaytirilgan dastur ko‘plab mamlakatlarda sayyohlarga turistik ob’ektlar, istirohat bog‘lari, muzeylar, ko‘rgazmalarga tashrif buyurishda, jamoat transportidan foydalanish, shoping, internetga ulanish va boshqalarda maxsus taklif va chegirmalarni taqdim etib, muvaffaqiyatli joriy etib kelinmoqda.

«Pass"lar turli muddat (kun, hafta, oy), qamrov (shahar, hudud, butun mamlakat) bo‘yicha amalga joriy etilib, har xil turlar va xizmatlar paketini o‘z ichiga olishi mumkin. Ayrim mamlakatlarda «pass"lar faqatgina elektron ko‘rinishda bo‘lib, mamlakatga kirishda internet orqali xarid qilinadi va so‘ngra uni chop etish yoki smartfonga yuklab olish mumkin. Ayrim hollarda «pass"lar narxi viza qiymatiga kiritiladi.