O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakovni qabul qildi. Bu haqda «O‘zbekiston24» xabar qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, mamlakatlar o‘rtasida turli darajadagi aloqalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari ham muhokama etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.

Qozog‘iston milliy mudofaa vaziri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Saken Jasuzakov O‘zbekistonda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi va Qozog‘iston tomoni davlatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.