O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi arafasida 30 iyuldan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Tozalash-Antiterror» tadbiri jarayonida jinoyat sodir etilib, tergov va sud organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan 90 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB o‘z saytida ma’lum qildi.

O‘tgan davr mobaynida 475,5 ming ko‘p qavatli uylardagi xonadon, yerto‘la va chordoqlar, hovlili uylar, korxona va tashkilotlar hamda boshqa turdagi ob’ektlar tekshirib chiqilmoqda.

Qariyb 7 kg miqdoridagi giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 44 ta jinoyat aniqlandi. Shuningdek 16 ta fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish jinoyatlari hamda 2 ta o‘q-otar qo‘rollarni noqonuniy saqlash jinoyatlari fosh etildi.

Mavze va maxallalarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash borasida jamoat vakillari bilan birgalikda mahallalarda va korxona tashkilotlarda hamda ta’lim muassasalarida xavfsizlik yuzasidan 1023 ta uchrashuvlar tashkil etildi. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha 354 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, 209 ta xonadon Toshkent shahar IIBB xuzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan qo‘riqlovga olindi.