O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkentdagi davlat aktivlaridan hisoblangan 15 ta ko‘chmas mulk ob’ektini ochiq savdolarga qo‘ydi.

Jumladan «Sayohat» mehmonxonasi «boshlang‘ich narxi — 28,6 mlrd so‘m), «Istirohat» fabrikasi (20,6 mlrd so‘m), ikkita savdo va xizmat ko‘rsatish hamda boshqa ob’ektlar ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Ko‘chmas mulklarni sotib olishni istagan tadbirkorlar eng yuqori sotib olish bahosini taklif etishi, ushbu davlat aktivlari uchun eng yuqori miqdorda investitsiya kiritish majburiyatlarini olishi va yangi ishchi o‘rinlari tashkil etishi lozim.

Savdoga qo‘yilayotgan davlat aktivlari ro‘yxati, boshlang‘ich narxlari va fotosuratlari Toshkent hokimiyati saytida e’lon qilindi.

Shahar ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, savdolardan tushgan bir qism mablag‘lar poytaxtdagi yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.