11 avgust kuni milliy televideniyening jonli efirida O‘zbekiston va uning kelgusidagi taraqqiyoti uchun ahamiyatga molik, deb atash mumkin bo‘lgan hodisa ro‘y berdi. Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov shifokor va o‘qituvchilarni obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilgani salbiy oqibatlarni keltirib chiqarganini tan olib, mazkur amaliyotga chek qo‘yishga va’da berdi.

«Bu haqiqat, uni yashirish kerak emas», — dedi Xayrullo Bozorov Xalqaro press-klub yig‘ilishida klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev o‘qib bergan fuqarolardan birining savoliga javob qaytarar ekan. Savol muallifi Sohibjon Bobojonov o‘qituvchilarning obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi bo‘yicha hokim fikri bilan qiziqdi.

«Biz ularni faqat obodonlashtirish, balki hatto qishloq xo‘jaligi ishlariga ham jalb etdik, — deya tan oldi hokim. — O‘qituvchilarga o‘z ishlarini qilishga yo‘l bermadik, fermerlarga biriktirib qo‘ydik».

«Vrachlarimizga o‘z ishini qildirmadik, QVPda (qishloq vrachlik punktlari — tahr.) o‘z ishlari qolib, qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lishdi, — deya davom ettirdi Xayrullo Bozorov. — Natijada nima bo‘ldi, natijada bugun onalar o‘limi oshdi, go‘daklar o‘limi oshdi, lekin xech kim QVP ga yordam bergani yo‘q. Qachonki endi biz ko‘zimizni ochib ko‘rsakki, qanaqadir og‘ir ahvolda».

«Shuning uchun qat’iy cheklangan hozir, o‘qituvchilarimizni, umuman byudjet xodimlarini jalb qilish. Qaysidir shanbalik, qaysidir tadbir bo‘lsaki mayli shunda umumiy tartibda chaqiriladigan bo‘lsa. Bizning eng zabardast sohalar ikki soha ham, eng ishongan sohalarimiz. Bularni unaqangi ishlarga, mana hokimlar ham turibdi, ularni bu ishlarga jalb etish ta’qiqlanadi, chiqarmaymiz ularni bunday ishlarga», — deya ta’kidladi Xayrullo Bozorov.

U Namangan shahrida 1500 kishi obodonlashtirish sohasida faoliyat ko‘rsatishi va ushbu kuchlar yetarli ekanini qo‘shimcha qildi.