O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan «Qurol to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bo‘yicha izoh berdi.

Qonundan ko‘zlangan maqsad — fuqarolik, xizmat hamda jangovar qurol-aslahalarning respublika hududida aylanishi sohasidagi huquqlarni tartibga solishdan iborat, deyiladi izohda.

Qonun loyihasining asosiy mazmuni quyidagilardan iborat:

  • qurol sotib olishi, taqib yurishi va undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar toifalarini aniqlab olish;
  • muayyan turdagi qurolga egalik qilish va undan foydalanish bo‘yicha turli davlat organlari va tashkilotlar, jumladan harbiy tuzilmalar, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, ayniqsa tabiat va tabiiy resurslar, qimmatbaho va xavfli yuklar, maxsus korrespondensiya muhofazasi bo‘yicha vazifalar zimmasiga yuklatilgan yuridik shaxslar,va boshqalar vakolatlari chegaralarini aniq belgilab olish;
  • respublikada jamoatchilik xavfsizligini oshirishga xizmat qiluvchi qurol va o‘q-dorilar turlari (travmatik, plastik qurollar, kuchaytirilgan quvvatga ega pnevmatik va gazli qurollar, radioaktiv nurlanish, biologik omillar qo‘llanilgan qurollar vahokazo) aylanmasiga cheklovlar o‘rnatish;
  • qurol aylanmasi sohasida litsenziya-ruxsat berish tartiblari hamda ushbu sohada vakolatli davlat organlari kompetensiyalarini o‘rnatish;
  • qurol va o‘q-dorilarni olib qo‘yish uchun belgilangan aniq asoslash, ishlab chiqarilgan va olib kelingan qurol va o‘q-dorilarni majburiy sertifikatlashni tashkil etish;
  • qurol va o‘q-dorilarni eksport-import qilish, olib kirish va olib chiqish hamda diplomatik vakolatxonalar yoki xalqaro shartnomalar asosida respublika hududida vaqtincha bo‘lib turgan xorijiy delegatsiyalar xavfsizligini ta’minlash uchun foydalaniluvchi qurollar aylanmasi tartiblarini tasdiqlash.

IIVning qayd etishicha, qonun loyihasi fuqarolarning o‘q otar qurollardan istisno tariqasida faqatgina ov va sport bilan shug‘ullanish maqsadlarida (ro‘yxatga olingan ov jamiyatlari va sport klublari a’zolariga) egalik qilish va ulardan foydalanishni ko‘zda tutadi. Mos ravishda jismoniy shaxslarga o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida jamoatchilikka xavf tug‘diruvchi o‘q otar va boshqa turdagi qurollarga egalik qilishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarga o‘z-o‘zini himoya qilish vositalari sifatida foydalanishga gaz ballonchalari, mexanik purkagichlar, aerozolli va boshqa qurilmalar, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi foydalanishga ruxsat bergan elekroshok uskunalari, uchqun chiqaruvchi razryadniklardan foydalanishga ijozat beriladi.

Bunda o‘z-o‘zini mudofaa qilish uchun foydalanishga ruxsat beriluvchi vositalarga egalik qilishda ichki ishlar organlari tomonidan zaruriy tekshiruv tadbirlari natijalari bo‘yicha ruxsatnoma bo‘lishi talab etiladi.