O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 maydagi qarori bilan Toshkentda elektrlashtirilgan ikki qatorli tezyurar halqa temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Hujjat matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, radius bo‘ylab poytaxtga kiruvchi asosiy magistrallar bilan kesishuvchi halqa temir yo‘li yo‘lovchilarga transport xizmatlari ko‘rsatilishi darajasini yaxshilashi, jamoat transportida yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirishi, yer usti shahar transporti va shahar avtomobil yo‘llaridagi bandlik darajasini kamaytirishi hamda ekologiya va atrof-muhit holatini yaxshilashga xizmat qilishi lozim.

Yo‘lovchi elektropoyezdlarini xarid qilgan holda bosqichma-bosqich temir yo‘li qurilishini ko‘zda tutgan loyiha 2017−2021 yillarga mo‘ljallangan. Uning hisob-kitob qilingan qiymati 320,1 mln dollar ekvivalentiga teng bo‘lib, shundan 25,3 mln dollar ekvivalentiga teng qismi 2017 yilda davlat byudjeti tomonidan ajratiladi. 159,8 mln dollar ekvivalentiga teng markazlashgan investitsiya esa 2018—2021 yillarda davlat byudjeti hisobidan ajratiladi.

Loyihaga O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot bankining 20 mln dollar miqdoridagi mablag‘lari hamda XXR Eksimbankining «O‘zbekiston temir yo‘llari"ga import uskunalari, xom ashyo, materiallar va jamlovchi qismlar, yo‘lovchi elektropoyezdlarini sotib olish, zarurat tug‘ilganida xorijiy pudratchi tashkilotlarni jalb qilgan holda qurilish-montaj ishlarini olib borish va boshqa maqsadlar uchun taqdim etuvchi 115 mln dollar miqdoridagi zayom mablag‘lari jalb qilinadi. Xitoy Eksimbanki mablag‘lari 20 yil muddatga yillik 2,25 foiz ustama bilan taqdim etilib, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga 2018 yil 1 oktyabrga qadar loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Qarorda Toshkentda halqa temir yo‘lini loyihalashtirish va qurish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilib, unga bosh vazir o‘rinbosari Ochilbek Ramatov rahbar etib tayinlandi.