O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda shaharsozlik faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan. Jumladan, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni, aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, ishlab chiqarish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzishning ko‘pdan-ko‘p faktlari aniqlandi.

«Aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida funksiya va vakolatlarning aniq chegaralab qo‘yilmaganligi shaharlar va boshqa aholi punktlarini reja asosida rivojlantirish hamda kompleks ravishda qurishga jiddiy zarar yetkazayotgan asossiz va shoshma-shosharlik bilan loyiha-rejalashtirish yechimlari qabul qilinishiga, shuningdek, shaharsozlik hujjatlari va qurilish sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda», — deyiladi farmonda.

Zamonaviy loyihalashtirish usullarini, amaliy dasturiy mahsulotlarni, ilm-fan, arxitektura va dizayn yutuqlarini hayotga tatbiq etish, zamon talablariga javob beradigan, murakkab hamda yuqori kategoriyali loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega istiqbolli yoshlarni jalb etish uchun yetarli qiziqishi bo‘lmagan loyiha tashkilotlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda.

Bugungi kunda shaharsozlik sohasiga oid asosiy masalalar va muhim muammolarni hal etish g‘oyat dolzarb vazifa ekani inobatga olinib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmon hamda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.

Xususan, qabul qilingan Farmon, avvalo, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining arxitektura va shaharsozlik sohasida yagona davlat va ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish jarayonidagi rolini oshirishga qaratilgan bo‘lib, uning faoliyatidagi asosiy vazifalar va yo‘nalishlarni belgilab beradi. Jumladan:

  • shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy bazani muntazam ravishda takomillashtirib va yangilab borish;
  • loyihalash ishlari va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, qurilishda ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or texnologiyalar jalb qilinishini tashkil etish;
  • bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kapital qurilishda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
  • arxitektura, loyihalash va qurilish sohalari uchun malakali kadrlarni tayyorlashni ta’minlash.

Farmonda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, jumladan, aholi punktlarini loyihalash va qurishda, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda, qurilish materiallari hamda mahsulotlarini ishlab chiqarishda, buyurtmachi tomonidan texnik nazorat hamda loyihalash tashkilotlari tomonidan mualliflik nazoratining olib borilishida shaharsozlik tartib-qoidalari va me’yorlariga rioya etish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu munosabat bilan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil qilindi.

Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘z lavozimiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining o‘rinbosarlari hisoblanishlari belgilab qo‘yilgan.

Yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari inspektorlariga quyidagi huquq berilmoqda, ya’ni:

  • nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar bilan kelishilmagan holda, moliyaviy manbalarning turidan qat’iy nazar, barcha qurilish ob’ektlarida, jumladan, shaxsiy uy-joy qurilish ob’ektlarida ruxsat beruvchi hujjatlarning mavjudligini aniqlash hamda shaharsozlik me’yorlari va qoidalari talablarining bajarilishini ta’minlash maqsadida qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvlarini amalga oshirish.

Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni tegishli tartibga keltirish va mazkur qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlardan biri — tasdiqlanmagan bosh rejalarsiz va mukammal rejalashtirilmagan loyihalarsiz shahar va tuman markazlarida har qanday ko‘rinishdagi shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, loyihalarsiz va qonunchilik me’yorlarida ko‘zda tutilgan boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ushbu Farmonga muvofiq taqiqlanadi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, shuningdek, respublikaning o‘n to‘rtta hududida bittadan arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi kasb-hunar kolleji Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilgani qabul qilingan Farmondagi muhim yangiliklardan biridir.

Bunda asosiy e’tibor yoshlarni tarmoqqa jalb etish, soha kadrlarini tayyorlash sifatini tubdan oshirish, fan, nazariya va amaliyotning, shuningdek, o‘quv jarayonini loyihalashtirish va qurilish amaliyoti bilan uzviyligini ta’minlash, o‘quv muassasalari bitiruvchilarini kafolatli ish bilan ta’minlashga qaratilgandir.

Mazkur vazifalarni hal etish uchun Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzurida asosiy faoliyati o‘quv jarayonlariga mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari, loyiha-qurilish firma va kompaniyalaridan malakali mutaxassislarni jalb etish orqali o‘quv jarayonlari sifatini oshirishga qaratilgan ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi jamg‘arma tashkil etilmoqda.

Ushbu Farmon bilan shaharlar qiyofasini shakllantirishda arxitektura-shaharsozlikning muhim o‘rin egallashi inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi va uning vazifalari belgilab berildi. Ushbu vazifalar qatoridan aholi punktlari infratuzilmasini rivojlantirish va kompleks qurilishlarning bosh rejalarga mosligi ta’minlanganini inobatga olgan holda, davlat va xo‘jalik yurituvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish ham o‘rin olgan.

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatidagi ana shu muhim va ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti Farmoni asosida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.

Qo‘mitaning hududiy bo‘limlari faoliyatini samarali boshqarish va muvofiqlashtirish maqsadida davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari, davlat ekspertizasi boshqarmalari hamda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga qayta bo‘ysundirildi.

Umumiy hisobda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimidagi xodimlar soni 466 nafarga yetkazilib, ularning 386 nafarini tuman hamda shahar arxitektura va qurilish bo‘limlaridagi xodimlar tashkil etadi. Bu bilan shahar hamda tuman arxitektura va qurilish bo‘limlari shtat birliklari uch nafarga yetkazildi.

O‘zbekistonda arxitektura va shaharsozlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qaror bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida me’yoriy-huquqiy va me’yoriy-texnik bazani takomillashtirishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq choralar ko‘rishni ko‘zda tutadi.