O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, davlat rahbarining 2016-yil 8-oktyabrdagi farmoyishi asosida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi mavjud holatni o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, qator oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolmoqda, ta’lim jarayonining o‘quv-metodik va axborot ta’minoti zamonaviy talablarga mos emas, moddiy-texnik baza tizimli ravishda yangilanishga muhtoj.

Qarorda belgilangan vazifalarning samarali yechimini to‘liq ta’minlash maqsadida oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash maqsadida Oliy ta’lim tizimini 2017−2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Dasturga muvofiq, 2017−2021-yillarda 48 ta oliy ta’lim muassasasida jami 180 ta o‘quv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari ob’ektlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, 53 ta oliy ta’lim muassasasida 400 ta o‘quv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy ta’lim muassasasida barcha oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.

Qarorning muhim ahamiyatini ko‘rsatadigan yana bir jihat shundan iboratki, mamlakat Prezidenti tomonidan har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha quyidagi konkret parametr va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan manzilli rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi.

Talabalar qabul qilishning umumiy ko‘rsatkichlari 2021-yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshirilishi lozim. Bugungi kunda har yillik qabul kvotasi 63 ming nafarga yaqinroqni tashkil etadi (xorijiy OTMlar filiallari hisobga olinmaganda).

Yangi o‘quv o‘rinlarini o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, axborot-resurs markazlari va boshqa ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hisobidan tashkil etish rejalashtirilgan.

Professor-o‘qituvchilarning kasb mahoratini, pedagog xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishi, magistratura, doktoranturada ta’lim olishi, hamda respublikaning tayanch oliy o‘quv yurtlari qoshida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi va malaka oshirishi belgilangan.

Mazkur dasturda asosan har bir oliy ta’lim muassasasi AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarning O‘zbekiston OTMlariga o‘quv jarayoniga jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha amaldagi tizimni jiddiy takomillashtirish va bu borada moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga ehtiyoj sezilmoqda. Mazkur sohada ilg‘or xalqaro tajribalar hisobga olinishi qayd etilgan.

Hukumatga ikki oy muddat ichida “Iste'dod” jamg‘armasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida ilmiy-pedagog xodimlarning malaka oshirishi va qayta tayyorgarlikdan o‘tishini, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining PhD dasturi va ularning magistraturada o‘qishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan takliflarni kiritish topshirildi.

Ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari 2022-yilning 1-yanvarigacha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha yuridik shaxslarning daromad solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod etilsin.

Ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi — ta’lim-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, ta’lim-tarbiya sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.

Oliy ta’lim tizimini 2017−2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan moliyaviy mablag‘lar 1,7 trln so‘mdan ziyod bo‘lib, ulardan 1,2 trln so‘mi o‘quv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turar-joylarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga, 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ esa o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan ta’minlash, umumiy tartibda foydalanishga mo‘ljallangan, barcha ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda AKTni rivojlantirishga sarflanadi.