Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatning mustaqil rivojlanishi davrida mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat ob’ekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va o‘rta korxona xususiy mulk qilib sotildi. Natijada hozir nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan ko‘prog‘i, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bilan bir qatorda, tanqidiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqda, «bir qator korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijalarni bermadi», deyiladi hujjatda.

«Xususan, respublika mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlarining borishi bilan tanishish natijalari xususiylashtirilgan korxonalarning mulkdorlari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani va korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarishlarni tiklamayotganligi va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining raqobatdoshligini ta’minlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etmayotganligini ko‘rsatmoqda, — deyiladi qarorda. — Mazkur holatlar Toshkent shahrida avval xususiylashtirilgan „Rele va avtomatika“, „Algoritm“ zavodlari, Samarqand shahridagi „Qizil dvigatel“ va Liftsozlik zavodlari, G‘ijduvon ip yigiruv fabrikasi, Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi parranda fabrikasi, Termiz shahridagi „16-sonli g‘isht zavodi“ va boshqa ko‘plab ob’ektlar misolida ko‘rinib turibdi».

O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, avval xususiylashtirilgan korxonalar negizida 2 mingdan ortiq past rentabelli va zarar ko‘rayotgan kam quvvatli xo‘jalik sub’ekti, shu jumladan, mingdan ortiq ishlamayotgan hamda deyarli bo‘sh yotgan ob’ekt, samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalari va ishlab chiqarish xonalari aniqlangan.

«Davlat organlari xususiylashtirilgan korxonalarning asl holatini o‘rganish, ularning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, mavjud muammolarni tahlil etish va sabablarini aniqlash, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta’minlashda, muhandislik-ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklashda, ichki va tashqi savdo bozorlarini topishda amaliy ko‘mak berish bilan sust shug‘ullanmoqda «, — deya davom ettiriladi qarorda.

«Yuzaga kelgan holat vakolatli organlarning xususiylashtirilgan korxonalarga yondashuvlari, ular bilan ishlash prinsiplari va usullarini tubdan o‘zgartirishni, faoliyat samaradorligini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishlab chiqarishni tiklash va rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish va amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatining asoslarini o‘rgatish, shuningdek, xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy manbalarini kengaytirishni talab etadi», — deya qayd etiladi hujjatda.

Qabul qilingan «2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi"da iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishdagi muhim vazifa sifatida xususiy mulkning ustuvor rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan ob’ektlar negizida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.

Qarorda O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot berishi belgilandi.