Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati «Dalneye» konini o‘zlashtirishga kirishdi, deb xabar qildi korxona matbuot xizmati. Mazkur kon bazasida OTMK ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish to‘g‘risidagi qaror 1 mart O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan edi.

2017−2028 yillarga mo‘ljallangan loyihaga ko‘ra, yangi metallurgiya majmuasi qurilib, xalqaro standartlar asosida energiya samaradorligi va ekologik me’yorlarga mos keluvchi uskunalar bilan jihozlanadi.

Birinchi bosqichda (2017−2021 yillar) «Markaziy» karerini o‘zlashtirish, foydali qazilmalar yuzini ochish va tog‘-kapital ishlar, ishlab chiqarish, transport, energetika ob’ektlari va boshqa yordamchi infratuzilmalar qurilishi, shuningdek, tog‘, transport va boshqa texnikalarni xarid qilish belgilangan.

Ikkinchi bosqichda (2019−2028 yillar) foydali qazilmalar yuzini ochish va tog‘-kapital ishlarni davom ettirish bilan bir qatorda, majmuaning yiliga 23 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega qayta ishlash, eritish , hamroh va yordamchi ob’ektlarini qurish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning 2017 yilgi Investitsion dasturiga ko‘ra, qiymati 1,7 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan loyiha O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tijorat banklari kreditlari va OTMK mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Konni o‘zlashtirish doirasida aprel oyi boshida Rossiyaning «RIVS» IICHB va OTMK o‘rtasida mis-boyitish majmuasi qurilishi bo‘yicha 500 mln dollarlik shartnoma imzolangan edi.