Jismoniy shaxslar 1-apreldan kech bo‘lmagan muddatda doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat soliq organlariga jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirishga majbur. O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi qanday holatlarda deklaratsiya taqdim etilishini eslatib o‘tdi.

Agarda siz 2016-yilda quyidagi daromadlarni olgan bo‘lsangiz, jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirishingiz zarur:

  • mulkiy daromadlari, agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa;
  • ikki yoki undan ko‘p manbadan olingan daromadlari;
  • mol-mulk — turar-joy, noturar inshoot, avtotransport va boshqa mol-mulklarni ijaraga berishdan;
  • fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan;
  • asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi;
  • O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan olingan;
  • Soliq agentlari hisoblanmagan manbalardan olingan;
  • xususiy mulk sifatida sizga tegishli bo‘lgan mulklar: qimmatbaho qog‘ozlar, noturar inshootlar, turar joylarni 12 oylik davr mobaynida bir martadan ortiq izchil ravishda sotishdan olingan daromadlarda.

Deklaratsiyani quyidagi usullarda topshirish mumkin:

  • shaxsan yoki ishonchli vakil orqali (qog‘oz ko‘rinishida yoki elektron tashuvchida);
  • pochta xizmatidan foydalanib, buyurtma xat orqali;
  • Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy my.soliq.uz portalidagi “Elektron soliq deklaratsiyalari” interaktiv xizmatidan foydalangan holda.

Jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 174-moddasi 3-qismiga asosan jarima (eng kam oylik ish haqining 1−3 baravari miqdorida) solinishiga sabab bo‘ladi.