Dushanba kuni Toshkent markazidagi (Amir Temur shoh ko‘chasi, 25) 12 qavatli ma’muriy binoning 8-qavatida yong‘in sodir bo‘ldi. 2015-yilning sentyabrida xuddi shu binoda yuzaga kelgan yong‘in oqibatida old qismiga katta zarar yetgan edi.

Toshkent IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining “Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar 17:30 da kelib tushgan. O‘t o‘chiruvchilar sanoqli daqiqalarda hodisa joyiga yetib borgan. 17:50 da alanga qurshab olinib, 17:54 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida 20 kv. m maydon, jumladan, Silver Water Gold Fish MCHJ va “Montaj qurilish xizmat” MCHJ ijaraga olgan xonalar hamda ularga tegishli mol-mulklar zarar ko‘rgan. Alanga Navei MCHJ ijaraga olgan yuqori qavatdagi xonalar romlariga ham zarar yetkazgan.

YOXB ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘indan jabrlanganlar yo‘q. Ayni paytda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.