O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Reks Ueyn Tillersonni uning Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi lavozimiga rasman kirishganligi munosabati bilan tabrikladi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Tabrik maktubida Reks Tillersonning yangi lavozimdagi ko‘p qirrali faoliyati tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni barqaror rivojlantirish va chuqurlashtirishda har tomonlama ko‘mak berishiga ishonch bildirilgan.

«O‘zbekiston kelgusida ham Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamfikrlilik, o‘zaro hurmat va foyda, bir-birining manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asoslangan har taraflama hamkorlikni rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, texnologiya va gumanitar sohalardagi mustahkamlanib borayotgan sherikchilikni har tomonlama rag‘batlantirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish masalalari yuzasidan konstruktiv muloqotni to‘laqonli qo‘llab-quvvatlashga qat’iy ahd qilgan», — deb ta’kidlanadi tabrik maktubida.