9−16-yanvar kunlari Nyu-Delida (Hindiston) Delhi International Open-2017 shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada dunyoning 23 mamlakatidan 258 sportchi ishtirok etdi.

Xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova (jahon reytingida 2284 ball) jami 6,5 ball to‘plagan holda ayollar o‘rtasida birinchi bo‘ldi.

Xalqaro grossmeyster Marat Jumayev (2457) esa qo‘shimcha ko‘rsatkich evaziga 8 ochko bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Birinchi o‘rinni turnirning reyting-favoriti xalqaro grossmeyster Farruh Amonatov (Tojikiston, 2619) 8,5 ochko to‘plagan holda egalladi. Hindistonlik xalqaro grossmeyster Gosh Diptayan (2670) esa 8 ball bilan chempionat kumush medaliga sazovor bo‘ldi.