O‘zbekiston TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Ilhom Ne’matovning Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayev bilan uchrashuvida Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lining Qozog‘istonning Maqtaaral tumani orqali o‘tuvchi yangilangan (887,8−911,9-kilometrlari) qismini ochish, mazkur uchastkada o‘tkazish punktini qurish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv 6 yanvar kuni Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimiyatida bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston bosh vazirining investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Roman Sklyar va Janubiy Qozog‘iston viloyatini hokimi Janseit Tuymebayev ishtirok etdi, deb xabar qildi viloyat hokimiyati sayti.

Avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari fevral oyida yakuniga yetishi kutilmoqda. Chegaradosh hududda maxsus post bunyod etilib, unda soliqqa solinmaydigan yuklar aylanmasi nazorati amalga oshiriladi.

Qozog‘iston elchisi Yerik Utembayevning ta’kidlashicha, bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi hamda saavdo va turizmning rivojlanishiga xizmat qiladi. U O‘zbekiston poytaxti va Janubiy Qozog‘iston viloyati aloqalarining kuchayishiga ham umid bildirdi.

Maqtaaral orqali o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘li 2006-yilda yopilgan edi.