Islom Karimov nomidagi fond Yevropa va AQSH oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish uchun grantlarni taqdim etish maqsadida OTMlarni bitirgan yigit-qizlar tanlovi boshlanganini e’lon qildi.

Fond saytida qayd etilishicha, grant ikki yilgacha muddatda chet elda tahsil olish va yashash xarajatlari to‘laligicha moliyalashtiriladi.

Tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo), suv va yer resurslarini boshqarish, mashinasozlik texnologiyalari, oziq-ovqat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi, arxitektura (shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash), dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va me’morchilik dizayni) va rassomlik mutaxassisliklari bo‘yicha grantlar ajratiladi.

Islom Karimov jamoatchilik xayriya fondiga O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasi va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida asos solingan. Fond O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targ‘ib qilishga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshiradi.

Grantlar ajratilishi to‘g‘risidagi e’lon Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlarining xorijda tahsil olishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashkil etilgan “Umid” jamg‘armasining 20 yilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Faoliyati mobaynida (1997−2003-yillarda) AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiyadagi OTMlarda 800 nafardan ziyod yigit-qizlar bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida tahsil oldi.

2003-yilda “Umid” jamg‘armasi bazasida istiqbolli yosh pedagoglar va ilmiy kabrlar malakasini oshirish bo‘yicha Prezidenti jamg‘armasi tashkil etildi.