O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyasi chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi UzDaily.uz.

Shu kuni Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senatining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Shavkat Mirziyoyev tantanali ravishda qasamyod qabul qilib, Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov qo‘lidan tegishli guvohnomani oladi.

Shuningdek, yig‘ilishda deputat va senatorlar O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqadi.

Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida 88,16 foiz ovoz to‘plagan holda g‘olib chiqdi.

12-dekabr kuni esa parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Prezidentga Abdulla Aripov nomzodini bosh vazirlikka ko‘rib chiqish uchun taqdim etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.